Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSh delegatsiyalari Ukrainadagi urushni tugatishni muhokama qilish bo‘yicha ilk rasmiy uchrashuvni o‘tkazdi. Bu urushni tugatish yo‘lidagi jiddiy qadam deyish mumkin. YouTube-kanaldagi navbatdagi videomizda ushbu uchrashuvga oid asosiy xabarlarni keltiramiz.

Ikki tomonda ham bosh diplomatlar

Har ikki tomondan o‘z mamlakatining asosiy diplomatlari ishtirok etdi. Rossiya delegatsiyasini Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov boshqardi. Unga Yuriy Ushakov hamrohlik qildi. Lavrovni ko‘pchiligingiz taniysiz, lekin Ushakov degan odam haqida unchalik ko‘p eshitmagan bo‘lsangiz kerak. Eslab qoling, u juda katta odam, Putinning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi, amalda Rossiya tashqi siyosatining kuratori. Byurokratik jihatdan Lavrov undan kattaroq, lekin Amerika vakillari bilan uchrashuvda ruslarning asosiy odami katta ehtimol mana shu Ushakov bo‘lgan. Darvoqe, bu diplomat naq 10 yil Rossiyaning AQShdagi elchisi bo‘lib ishlagan.

Amerika delegatsiyasiga davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qildi. Unga Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uols hamroh bo‘ldi.

Ushakov muzokara qanday o‘tdi degan savolga yomon emas, deb javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda juda jiddiy masalalar muhokama qilingan. Shuningdek, Tramp va Putinning o‘zaro uchrashuvi masalasi haqida gaplashishgan. Ushakov bu uchrashuv kelasi haftada o‘tkazilmasligi aniqligini aytgan. Avvalroq Bloomberg Tramp va Putin 24 fevraldan 2 martgacha uchrashishi mumkinligini yozgandi.

Hozircha Rossiya va Ukraina diplomatlari aynan nimalarni gaplashgani haqida gapirishmadi. Anig‘i shuki, ular ikki tomonlama muloqot doimiy davom etishi va buning mexanizmlari borasida kelishib olgan. Reuters uchrashuv yakunlari bo‘yicha qiziq ma’lumot e’lon qildi. AQSh davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryusga ko‘ra, Vashington va Moskva urushdan keyin ham hamkorlikni davom ettirishga kelishib olibdi. Qiziq, hali urush tugagani yo‘q, lekin amerikaliklar va rossiyaliklar urushdan keyingi masalalarni muhokama qilib yurishibdi. Demak ular har ikki davlat hududida bo‘lmayotgan urushni tugatishga shunchalik ishonyapti.

«Biz hech qanday muzokarani qabul qilmaymiz»

Shu o‘rinda Saudiya Arabistonida o‘tayotgan Rossiya va AQSh o‘rtasidagi uchrashuv Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha rasmiy muzokara emasligini eslatish kerak. Davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Bryus va Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog buni ta’kidlab aytdi. Ularga ko‘ra, bu uchrashuvdan maqsad Rossiya hamda AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni tiklab olish. Shu sabab unga Ukraina vakillari taklif qilinmagan.