2025 yil boshidan beri MiG-31 bilan bog‘liq havo trevogasi faqat uch marta — 3, 8 va 28 yanvarda e’lon qilingan. Lekin bu uchishlar ham amalda zarbalar bilan yakunlanmagan.

2024 yilda eng katta tanaffus kuz boshlariga to‘g‘ri kelgan. Ukrainada MiG-31 parvozlari bilan bog‘liq trevogalar 5-20 sentabr kunlari oralig‘ida umuman e’lon qilinmagan.

Rossiya mudofaa vazirligi ushbu qiruvchi samolyotlar faoliyatidagi uzilish yuzasidan biror rasmiy izoh bermagan.

Ukraina havo kuchlarining rasmiy Telegram-kanalida ham MiG-31 parvozlari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo o‘z manbalariga tayanib ma’lumot tarqatuvchi norasmiy kanalga ko‘ra, 28 yanvardan keyin ham Rossiya aerodromlaridan MiG-31 uchoqlari havoga ko‘tarilgan, lekin ular jangovar vazifalar uchun emas.

Ukraina havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ignat BBCʼga ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

Xavfli samolyot

Ukrainaliklar MiG-31 uchoqlariga alohida e’tibor qaratishiga sabab — ushbu samolyotlarning ayrim turlari (MiG-31K modifikatsiyasi) X-47M2 «Kinjal» aeroballistik raketalarini uchira olishi bilan bog‘liq. Bu raketalarni tutib olish juda qiyin.

«Kinjal» havodan uchirilsa ham, uning harakat trayektoriyasi ballistik, ya’ni parabolaga o‘xshash yo‘nalishda bo‘ladi. Bu uni havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun gorizontal parvoz qiladigan raketalarga nisbatan ancha qiyin nishonga aylantiradi.

Ikkinchi xususiyati — uning tezligi. Raketa parvozda 10 max’gacha tezlikka erishishi mumkin, bu esa gipertovushlilik chegarasidan ikki barobar yuqori hisoblanadi.

Uchinchi jihati — uning uzoqqa yetkazib borish qobiliyati. Rossiya hududidan uchirilgan «Kinjal» Ukrainaning istalgan nuqtasiga zarba bera oladi.

Bundan tashqari, MiG-31 o‘zi ham xavfli havo hujumi vositasi hisoblanadi. U 120 km uzoqlikdagi nishonlarni yo‘q qilish qobiliyatiga ega, uzoq masofaga uchuvchi havo mudofaa raketalari bilan jihozlangan.

Shu bilan birga, bu samolyotlar ukrain havo hujumidan mudofaa tizimlari ta’sir doirasiga kirmasdan, xavfsiz masofada qola oladi. Ukrainada ularga qarshi, 120 km uzoqlikka ucha oladigan aviatsiya raketalari mavjud emasligi sababli, MiG-31’ni havoda urib tushirish juda mushkul vazifa hisoblanadi.

Bu barcha jihatlar MiG-31 samolyotlarini Ukraina uchun jiddiy xavfga aylantiradi.