ASTON VILLA – CheLSI (22 fevral, 22:30)

«Chelsi» Angliya Premer Ligasi doirasidagi oxirgi 9 o‘yinda atigi 2 o‘yinda g‘alaba qozondi. Tabiiyki, bu natijalar yaqindagina top-4 uchun favorit bo‘lgan londonliklarning imkoniyatini pasaytirib yubordi. Hatto Enso Mareskaga nisbatan bosim ortib, iste’fo haqida ham fikrlar yangray boshlaganini aytish mumkin.

Ammo bu yerda muhim jihatni e’tiborga olish kerak. Yaqinda «Chelsi» sobiq futbolchisi Jon Obi Mikel bugungi holatning asosiy aybdori sifatida murabbiyni emas, ushbu tarkibni yiqqanlarni ko‘rsatish kerakligi haqida mulohazalari bilan o‘rtoqlashgandi. Jonnning aytishicha, tarkib har qancha kuchli, iqtidorli futbolchilardan tashkil topgan bo‘lmasin, maydonda tajribali futbolchilar ham bo‘lishi shartligini ta’kidladi. Rostan ham o‘sha Abramovichning ilk yillarida ham, yaqinda Chempionlar Ligasini yutgan tarkibda ham yoshlar bilan bir qatorda har chiziqda tajribali futbolchilar o‘ynaganini eslasangiz kerak.

«Aston Villa» mana shunday qiyin paytda qarshi o‘ynash uchun eng noqulay jamoalardan biri ekani shubhasiz. Emeri shogirdlari uch kun oldin «Liverpul»ga ham munosib qarshilik ko‘rsatib, ochko olishning uddasidan chiqishdi. Tarkibga yangi qo‘shilgan Reshford, Asensio kabi futbolchilar o‘yinga yangi chizgilarni qo‘shib, «Aston Villa»ni yanada xavfliroq jamoaga aylantirayotgani ham bor gap. Birinchi davrada Londonda mezbonlar 3:0 hisobida g‘alaba qozongani ham «Aston Villa»ga qo‘shimcha motivatsiya beradi.

Mehmonlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan faktor esa yuqorida eslab o‘tilgan o‘yin – «Aston Villa» uch kun oldin «Liverpul» bilan qiyin uchrashuv o‘tkazdi, tabiiyki, jismoniy tomondan «Chelsi»ga nisbatan yomonroq holatda bo‘lishi tabiiy. Umuman Emeri jamoasi uch kunda bir rejimda yaxshi natijalar qayd eta olmayotgani avval ham e’tirof etilgandi. Masalan, jamoa hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasida uchrashuv o‘tkazgan haftalarda APL o‘yinida ochko yo‘qotgan. Asosan bir xil tarkibda harakat qiladigan «Aston Villa» uchun bu rejim ancha noqulaylik tug‘diradi.

Jarohatlar borasida har ikki tomonda yetarlicha muammolar bor. Leon Beyli, Onana, Pau Torres kabi futbolchilar mezbonlar tarkibida har chiziqdagi yetakchi futbolchilardir. Shuningdek, Kamara va Ross Barkli ham sheriklariga yordam bera olishmaydi. «Chelsi» esa so‘nggi o‘yinlarda ham Jyeksonni, ham Maduekeni yo‘qotdi – hujum chizig‘i uchun jiddiy zarba. Badiashil, Fofana, Laviya kabi futbolchilar ham jarohat tufayli sheriklariga yordam bera olishmaydi.