AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga nisbatan ochiqchasiga keskin fikr bildirishi Vashington Rossiya tomon burilishi bilan bog‘liq emas, balki konlar bo‘yicha kelishuv tuzish uchun Kiyevga bosim o‘tkazish usulidir. Bu haqda Politico Oq uydagi manbalariga tayanib yozmoqda.

Nashr suhbatdoshlari «muzokaralar olib borishdagi qo‘pol taktikaning navbatdagi namunasi» bo‘lgan «dahanaki jang»ga jiddiy e’tibor bermaslikka chaqirgan.

Ularning fikricha, agar kelishuv imzolansa, Zelenskiy va Trampning munosabatlari joyiga tushadi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio ham Trampning Zelenskiyga e’tirozlari — konlar bo‘yicha taklif rad etilgani tufayli ekanini bildirgan.

Rubioning so‘zlariga ko‘ra, Vashingtonda bunday kelishuv o‘z-o‘zidan Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolati bo‘ladi, deb hisoblashadi, chunki AQSh uning yerosti boyliklariga kirish huquqini qo‘lga kiritgach, bundan «shaxsan manfaatdor» bo‘ladi.

Rubio Zelenskiy avvaliga kelishuvga roziligini bildirgani, keyin esa uni ochiqchasiga rad etganidan Vashingtondagilarning hafsalasi pir bo‘lganini ta’kidlagan: «Ikki kun o‘tib Zelenskiy shunday deganini o‘qidim: „Men kelishuvni rad etdim, men ularga hech qanday holatda buni qilmasligimizni aytdim“. Sizga aytsam, o‘sha uchrashuvda bunday voqea bo‘lmagandi. Biz esa bu yigitlarga yordam berishga harakat qilyapmiz».

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh allaqachon Ukrainaga yerosti boyliklari bo‘yicha yangi kelishuv loyihasini yuborgan, unda Zelenskiyning «ba’zi xavotirlari» inobatga olingan. Nashr manbasi ma’lum qilishicha, Ukraina prezidentining bir necha maslahatchisi kelgusida Tramp bilan kelishmovchilikka bormaslik uchun uni yangilangan bitimni imzolashga ko‘ndirgan.

Trampning Zelenskiyga hujumlari

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zi «saylovsiz diktator» deb atagan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga hujum qilishda davom etmoqda. Associated Press xabariga ko‘ra, 19 fevral kuni kechqurun Mayamidagi investitsiya forumida so‘zlagan nutqida Tramp foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolashdan bosh tortgani uchun Zelenskiyga «g‘azabini sochgan». «Ular bu kelishuvni buzishdi», — degan Tramp. Avvalroq Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari haqida gap ketmagani, faqat AQSh Ukrainaning barcha nodir metallarining 50 foiziga ega bo‘lishi aytilgani tufayli shartnomani imzolashdan bosh tortganini bildirgandi.