Ukraina zaminiga Rossiya tajovuzining o‘n ikkinchi, keng ko‘lamli bosqinning esa to‘rtinchi yili boshlanmoqda.

2022 yil 24 fevral tongini butun dunyo, ayniqsa ukrain xalqi juda yaxshi eslaydi. Kiyev, Xarkiv, Odessa, Dnepr va boshqa shaharlarda millionlab tinch aholi o‘sha kuni odatdagidek budilnik jiringlashidan emas, havo hujumi sirenalari va portlash ovozlaridan uyg‘ondi. Kiyev vaqti bilan taxminan soat 5 larda Rossiya armiyasi oliy bosh qo‘mondon Vladimir Putinning buyrug‘iga binoan Ukrainani borbardimon qila boshladi, rus harbiylari qo‘shni mamlakat hududiga birvarakayiga uch tomondan: shimol, janub va sharqdan bostirib kirdi.

Keng ko‘lamli bosqinning dastlabki kunlarida shokka tushgan global hamjamiyat Kiyevdagi hokimiyat ag‘darilishidan xavotirda edi. Shunday bo‘lgan taqdirda, ehtimol, Ukrainada Viktor Yanukovich boshchiligida qo‘g‘irchoq hukumat o‘rnatilgan, shu tariqa Rossiya, Belarus, Ukraina, “Donetsk va Luhansk respublikalari”, Dnestrbo‘yi, Janubiy Osetiya va Abxaziyani o‘z ichiga olgan “ikkinchi SSSR”ni e’lon qilish uchun sharoit hozirlangan bo‘lardi. Voqealarning bunday rivoji keyingi navbatda avvalo Markaziy Osiyo uchun mudhish oqibatlarga ega bo‘lishi shubhasiz edi.

Ammo bosqin boshlanganidan bir necha hafta o‘tib, Ukraina harbiy rahbariyati bu urushga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rib qo‘ygani oydinlashdi. Natijada Kremlning yashin tezligida g‘alaba qozonish rejasi chippakka chiqdi. Uch yildirki davom etayotgan urush global maydonda geosiyosiy muvozanatni tubdan silkitib yubordi va bu silkinishlar hamon davom etmoqda. Urush cho‘zilib borarkan, ozodlik va erkinlik uchun kurashda Ukrainani qo‘llayotgan G‘arbning birdamligi borgan sari ko‘proq savol ostida qolmoqda. Donald Tramp AQSh prezidentligiga qaytishi bilanoq biron marta bosqinchi Rossiyani tanqid qilmasdan faqat Ukrainaga tashlanayotgani urushda butunlay yangi bosqich boshlanganidan darak beryapti.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida Rossiya–Ukraina urushining uchinchi yili bilan bog‘liq xulosalar va istiqboldagi kutilmalar haqida so‘z yuritiladi.

G‘arb qurollarining frontdagi ahamiyati

G‘arb davlatlari Ukrainaga uzoq masofali qurollardan foydalanishga ruxsat berish masalasini 2024 yilning kuzida faol muhokama qila boshladi. 17 noyabr kuni AQShning endilikda sobiq prezidenti Jo Bayden Ukrainaga ATACMS uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududiga zarba yo‘llashga ruxsat berdi. 20 noyabrda Buyuk Britaniya ham Storm Shadow raketalaridan Rossiyaga zarba berish cheklovlarini olib tashladi. Bu qarorlar Rossiyaning Shimoliy Koreya qo‘shinlarini jangovar harakatlarga jalb qilishi ortidan qabul qilingan edi.