Ispaniya kubogi. Yarimfinal. Birinchi o‘yin
«Barselona» – «Atletiko» – 4:4
Gollar: Pedri 19 , Kubarsi 21, Inigo Martines 41, Levandovski 74 — Alvares 1, Grizmann 6, Liorente 84, Serlot, 90+3 (4:4).
«Barselona» – Shensni, Kubarsi, Balde, Inigo Martines , Kunde, Pedri (Garsiya 85), Yamal, Olmo (Gavi 68), de Yong, Torres, (Levandovski 68), Rafinya (Fermin Lopes 85)
«Atletiko» – Musso, Ximenes, Langle, Galan (Mandava 55), Gallaher (Molina 60), de Paul (Serlot 68), Barrios, Liorente, Grizmann (Korrea 68), Alvares, Simeone (Lino 55).

«Barselona» va «Atletiko» Ispaniya Kubogi yarimfinalining ilk uchrashuvida muxlislar uchun shou uyushtirib berdi. Ikki jamoa jami sakkiz gol urdi — bu o‘yin ancha vaqtgacha yodda qoladi.

Kataloniyaliklar klubi bosh murabbiyi Hans-Diter Flik Gavi va Robert Levandovskini zaxirada qoldirdi. Frenki de Yong va Ferran Torres esa ilk daqiqalardan maydonda harakat qildi. «Atletiko» darvozasida Xuan Musso paydo bo‘ldi. Bu Ispaniya Kubogi uchun odatiy kartina, Yan Oblak bu turnirdagi o‘yinlarda doimo zaxira o‘rindig‘ida qoladi. Oxirgi vaqtlarda zaxira futbolchisiga aylanib qolgan Konor Gallaher ham shu kuni boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi.

«Barselona» futbolchilari o‘yin startini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazishdi. Oltinchi daqiqaga kelib tabloda 0:2 hisobi porlayotgandi. Voysex Shchensni Xulian Alvaresning ilk zarbasini to‘sib, to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Ammo ilk standart vaziyat mehmonlar uchun omadli bo‘ldi. Antuan Grizmann to‘pni oshirdi, Kleman Langle uni olis ustun tomon o‘tkazib berdi, u yerda bo‘sh qolgan Alvares esa yaqin burchakni osonlik bilan ishg‘ol etdi. Bu vaqtda o‘yinning 47-soniyasi o‘tib borayotgandi.

Bir necha daqiqa o‘tib esa Xulian assistent vazifasini bajarib berdi. U bu vaziyatda raqib himoyachilari ortiga ochilgan Grizmanni to‘p bilan ta’minladi, fransuz esa Baldeni bolalarcha aldab o‘tib, darvozabonga ham imkoniyat qoldirmadi. «Barsa» o‘z uyida oltinchi daqiqaga kelib ikki to‘p farqi bilan hisobda ortda borishi 123 yildan buyon kuzatilmagandi. «Atletiko» bilan o‘yinda bunday holatga tushish — har qanday raqib uchun hukm bo‘lishi mumkin, ammo ko‘k-anorranglilar tezda o‘ziga kelishdi. Avvaliga Ferran Torres yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo Musso uning niyatini «o‘qidi».

«Barsa»ga ham muvozanatni tenglashtirish uchun bir necha daqiqa yetarli bo‘ldi. Mezbonlar raqib himoyasidagi zaif nuqtani topishdi. Xavi Galan Yamalni to‘xtatish uchun ishonchli nomzod emasligi oldindan ko‘rinib turgandi, unga Gallaherning yordamga kelishi ham yetarli bo‘lmadi. Aynan ingliz yarimhimoyachisi qanotda xatoga yo‘l qo‘ydi, shundan keyin Kunde jarima maydoni markazidan darvozani o‘qqa tutgan Pedrini golli pas bilan ta’minladi. Keyin esa «Atletiko» darvozasi qarshisidagi standart vaziyat ish berdi. Pau Kubarsi to‘p uchun kurashda Pablo Barriosdan ustun kelib, Rafinyaning uzatmasini golga aylantirdi. Bir oy oldin 18 yoshga to‘lgan markaziy himoyachi «Barsa»ning asosiy jamoasidagi 62-o‘yinida ilk golini nishonladi.