Sport | 18:55 / 26.02.2025
4119
2 daqiqa o‘qiladi

XOQ rossiyalik va belaruslik sportchilarni Olimpiadaga qaytarishga harakat qilmoqda – OAV

Ularga neytral bayroq ostida musobaqalarda ishtirok etishga ruxsat berilishi mumkin.

Foto: Getty images

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) xalqaro qishki sport federatsiyalarini rossiyalik va belaruslik sportchilarga kelasi yilgi qishki Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanma qo‘lga kiritishga ruxsat berishga chaqirdi. Bu haqda Shvetsiyaning SVT Sport nashri Xalqaro biatlon ittifoqidagi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Rossiya Ukrainaga keng miqyosli bosqinni boshlaganidan beri rossiyalik va belaruslik sportchilar bir qancha yirik qishki sport federatsiyalaridan chiqarib yuborilgan edi. Ularga, xususan, biatlon, tog‘ chang‘isi va chang‘i sporti bo‘yicha Jahon kubogida qatnashish taqiqlangan. Shuningdek, Xalqaro xokkey federatsiyasidan chetlatilgan.

Endi, agar sport federatsiyalari XOQ chaqirig‘ini inobatga olsa, rossiyaliklar va belaruslar kelasi yilgi qishki Olimpiada o‘yinlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2024 yili Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida 15 nafar rossiyalik sportchi neytral bayroq ostida qatnashdi. Aynan shu sxemani XOQ 2026 yilgi qishki Olimpiada o‘yinlarida amalga oshirmoqchi, biroq bu haqiqatga aylanishi uchun Rossiya va Belarus sportchilari o‘z sport turlari bo‘yicha xalqaro federatsiyalar orqali saralashdan o‘tishi kerak.

«Bugungi qarorimiz shuki, Rossiya va Belarus a’zolikdan to‘xtatilgan, shuning uchun bu biz muhokama qilayotgan narsa emas», dedi Xalqaro biatlon ittifoqi prezidenti Olle Dalin.

XOQ vakilining izoh berishicha, Parij Olimpiadasi neytral sportchilar boshqalar bilan bir qatorda bellashganining muvaffaqiyatli namunasi bo‘lgan. XOQ rahbariyati 2026 yilgi Olimpiadada neytral sportchilar bo‘yicha alohida qaror qabul qiladi.

Mavzuga oid