2025 yilning fevral oyida O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 0,54 foizni tashkil etdi.
Statistika agentligiga ko‘ra, bu 2024 yil va 2022 yil yanvar oyidagi ko‘rsatkichidan (mos ravishda 0,32 va 0,51 foiz) yuqori hisoblanadi, lekin 2021 yil yanvaridagi inflatsiya darajasidan (0,64 foiz) past. 2023 yilda ham mos oydagi inflatsiya darajasi 0,54 foizni tashkil etgan.
Yillik inflatsiya (o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan) 10,13 foizgacha tezlashdi (oldingi oy 9,89 foiz edi).
Yilning ikkinchi oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,6 foizga (yillik hisobda 2,9 foizga), nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3 foizga (7,7 foiz), xizmatlar narxi 0,8 foizga (27,1 foiz) oshdi.
Fevralda oziq-ovqat mahsulotlaridan asosan suyakli mol go‘shti (2,8 foiz, yillik hisobda 18,5 foiz), qo‘y go‘shti (2,4 foiz, 19,4 foiz), sut (0,4 foiz, 6 foiz), tovuqning son qismi (0,2 foiz, -1,2 foiz) narxi oshdi.
O‘tgan oyda tuxum narxi yana keskin — 12 foizga pasaydi (yanvarda uning narxi 14,3 foizga, yillik hisobda 30,4 foizga pasaygan), guruch va guruch oqshog‘i 3,9 foizga (yillik hisobda 10,4 foizga), shakar 1 foizga (-4,4 foiz) arzonladi.
Yanvar oyidagi narx oshishi va fevral oyida hukumat tomonidan ko‘rilgan choralardan keyin kartoshka narxi 13,4 foizga arzonladi, biroq yillik narx o‘sishi yuqoriligicha qolmoqda (+46,8 foiz).
O‘tgan oyda dori-darmonlar narxi fevral oyida yana 0,8 foizga, yil davomida esa 25,9 foizga, jumladan antibiotiklar narxi 27,9 foizga oshdi. Statsionar davolanish xizmatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,6 foizga, profilaktika va himoya vositalari narxi 21,6 foizga qimmatladi.
Fevralda elektr energiyasi va gaz narxlari o‘zgarishsiz qoldi, biroq yillik hisobda ular uchun tariflar o‘rtacha 1,7 va 2,3 barobarga oshdi.
O‘tgan oyda propan narxi 4,3 foizga (yillik hisobda 11,3 foiz), benzin narxi 0,2 foizga (2,9 foiz) oshdi. Metan narxi esa o‘zgarmagan.
Shuningdek, fevralda poyezdlardagi chipta narxi 4,5 foizga (yil davomida 18,6 foiz), taksilar narxi 0,9 foizga (12,1 foiz), aviachiptalar bahosi esa 22,4 foizga (23,2 foiz) qimmatlashgani qayd etildi.















