Kurdiston Ishchilar partiyasi yetakchisi Abdulla O‘jalanning isyonchilarga qurollarini tashlash chaqirig‘ini ayrimlar Erdo‘g‘anning prezidentlikka qayta saylanishiga yo‘l ochuvchi qadam deb ko‘rmoqda. Xo‘sh, bu chaqiriq katta geosiyosiy o‘zgarishlardan darak beradimi? “Geosiyosat”da mavzu yuzasidan siyosatshunoslar Farhod Karimov va Fazliddin Madiyev sharhi.

— O‘jalanning chaqirig‘i ortida yashirin diplomatik kelishuvlar bo‘lishi mumkin? Nega oradan 26 yil o‘tib, bunday qarorga kelindi?

Farhod Karimov: Geosiyosiy vaziyat o‘zgargan, to‘g‘ri, lekin bunday harakatlar oldin ham bo‘lgan. 1998-1999 yillarda bir yil davomida O‘jalan qidiruvda bo‘lgan. Suriyaning o‘sha vaqtdagi rahbari Hafiz Asad unga siyosiy boshpana berishdan bosh tortgandan keyin majbur bo‘lib, avval bir nechta Osiyo davlatlarida bo‘lgan, keyin Afrikaga qochgan, o‘sha paytda Keniyada qo‘lga olingan edi. Turkiya unga bir umrlik qamoq jazosi tayinlagan va jazoni Marmar dengizidagi qamoqxonada o‘tayotgandi.

Shundan buyon O‘jalan turkiy kurdlar va o‘z tarafdorlarini doimiy ravishda qurollarni tashlashga chaqirib kelgan. Birinchi chaqiruv 2009 yil bo‘lgan edi. 2009-2011 yillarda Oslodagi Kurdiston partiyasi o‘rtasidagi muzokaralar davrida ham bu masala aytib o‘tilgandi. Ya’ni o‘shanda ham O‘jalan biz siyosiy maqsadlarimizni o‘zgartiramiz, bizga mustaqil davlat kerak emas, balki Turkiya tarkibida o‘zimizning siyosiy va inson huquqlarimiz ta’minlansa, o‘z tilimizda ta’lim bo‘lsa, maktablar, gazeta va jurnallar nashrlar bo‘lsa, biz harbiy kurashdan qaytamiz, degan.

Lekin 2011 yilda Turkiyadagi vaziyat va u yerdagi milliy-etnik ziddiyatlar ortidan bunday muzokaralar yana to‘xtab qolgandi. 2016 yil Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish harakatlari sabab bu masala yana ortga surildi.

Suriyada hukumat dekabr oyida o‘zgargan bo‘lsa, O‘jalanning chaqiriq qilishi haqidagi dastlabki ma’lumotlar oktyabr oyida aytila boshlangan edi.

Turkiya diplomatiyasi bir necha bor Iroqqa bordi, u yerdagi kurdlarning yetakchi Barzoniylar oilasi bilan ham uchrashgan edi. Barzoniy bilan u yerda Turkiyadagi kurdlar partiyasi bilan muloqotlarni uzish va ularni qo‘llab-quvvatlamaslik haqida kelishuvlar ham bo‘lgandi.

Dekabr oyida Suriyada Asad hokimiyatdan ketdi (kurd terrorchilarining asosiy bazalari Suriya va Iroq-Eron o‘rtasidagi “Qandil”da edi) va u yerda Turkiyaga xayrixoh shaxs Ahmad ash-Shar’aning hokimiyatga kelishi mintaqadagi muhitni o‘zgartirib yubordi.