Rossiya harbiy idorasining telegram-kanalida joylashtirilgan xabarda Malaya Loknya, Cherkasskoye Porechnoye va Kositsa aholi punktlari ozod qilingani haqida so‘z boradi. So‘nggi ikki kun mobaynida Rossiya mudofaa vazirligi o‘z harbiylari Kursk oblastidagi Lebedevka, Viktorovka, Nikolayevka va Staraaya Sorochina qishloqlari hamda Ukrainaning Sumi oblastidagi Novenkoye xutorini nazorat ostiga olgani haqida ham ma’lum qilgandi.

Ukraina manbalari bu ma’lumotlarni rasman tasdiqlamadi, ammo Ukrainaning nufuzli DeepState loyihasi xaritasida bu aholi punktlarining barchasi Rossiya nazorati ostiga o‘tgani ko‘rsatilgan.

Rossiya qo‘shinlari Kursk oblastida faol amaliyot o‘tkazayotgani haqida Rossiyada ham, Ukrainada ham ko‘plab jurnalistlar va «harbiy muxbirlar» xabar berishdi. Hafta oxirida Ukraina ommaviy axborot vositalari, harbiylar va DeepState rossiyaliklar Kursk oblastidagi ukrain bo‘linmalariga ta’minot yetkazib berishda muhim hisoblangan Sumi-Sudja trassasiga sharqdan yaqinlashib kelishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berdi. Bu esa Rossiya hududidagi qo‘shinlar qurshovga tushish xavfini tug‘dirdi.

Jurnalist va Tsenzor.NeT bosh muharriri Yuriy Butusov 8 mart kuni feysbukda Kursk yo‘nalishida vaziyat yomonlashishda davom etayotgani haqida yozgandi. U Rossiya qo‘shinlari butun front bo‘ylab tinimsiz zarbalar berayotganini qayd etgan.

Rossiya manbalari Kursk oblastidagi aholi punktlaridan birida bayroq ko‘tarilgani aks etgan kadrlarni e’lon qilmoqda.

Butusovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya qo‘shinlari «favqulodda qahramonlik va matonat ko‘rsatayotgan» ukrain jangchilaridan son jihatdan sezilarli ustunlikka ega.

Butusov Rossiya Ukraina harbiylari harakatlanuvchi yo‘llarni shiddatli zarbalar bilan nazoratga olgani, shuning uchun endi Kursk oblastidagi pozitsiyalarni ushlab turish «frontning boshqa barcha uchastkalaridan eng qiyini» ekanini ta’kidlagan.

Yakshanba kuni Rossiya mudofaa vazirligi ham Rossiya dronlari 2024 yil avgustida egallab olingan Sudjadan chekinayotgan ukrain harbiylari avtokolonnasiga hujum qilayotgani ko‘rsatilgan videoni namoyish etdi.

Shunga o‘xshash xabarlar avvalroq rossiyalik harbiylashgan blogerlar tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, ular bir kun oldin rus harbiylari Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qisman egallangan Kursk oblastida muvaffaqiyatli operatsiya o‘tkazganini aytishgandi.