Rossiya-Ukraina urushida tinchlikka erishish masalasi ko‘p jihatdan nodir yerosti metallarini qazib olish bo‘yicha kelishuvlarga bog‘liq. Kiyev iqtisodiyotni tiklash uchun mablag‘ va xavfsizlik kafolatlari olish maqsadida o‘z hududida bu metallarni qazib olishni taklif qilmoqda. Moskva esa o‘z javobida Rossiyada bu metallarning zaxirasi bir necha barobar ko‘pligini ta’kidlab, ularni qazib olishni yaqinda anneksiya qilingan Ukraina hududlarida ham yo‘lga qo‘yish mumkinligini bildirmoqda.

O‘zi bu metallar AQShga nega kerak? Nima uchun ularning ahamiyati ehtimoliy tarzda ortiqcha baholanmoqda?

Belgrad Xavfsizlik siyosatlari markazi ilmiy xodimi Mixail Korostikov Carnegie Politika loyihasi uchun bu masalaga aniqlik kiritdi.

AQShga nodir yerosti metallari nima uchun kerak?

Donald Trampning nodir yerosti metallariga bo‘lgan e’tibori tasodif emas. Bu 17 elementdan iborat guruh elektromobillar va quyosh panellaridan tortib, qayta ishlatiladigan raketalar va samolyotlargacha bo‘lgan yuqori texnologiyali mahsulotlarni ishlab chiqarishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Masalan, har bir F-35 samolyotida taxminan 400 kg nodir yerosti metallari ishlatilgan. Shu bilan birga, AQSh bu metallarning 70 foizdan ortig‘ini faqatgina Xitoydan import qiladi.

Vashington bu qaramlikni yengishga urinayotganiga ancha vaqt bo‘ldi, ammo bu sa’y-harakatlar hozircha muvaffaqiyatsiz bo‘lmoqda. 2018 yilda AQSh Xitoydan keladigan nodir metallarga bojlarni oshirishga harakat qildi, lekin tez orada bu g‘oyadan voz kechishga majbur bo‘ldi. Chunki Xitoy dunyodagi nodir yer metallarining 60 foizini qazib oladi va 90 foizini qayta ishlaydi — bu sohada uning o‘rnini bosadigan muqobil mavjud emas.

2019 yilda Pekin savdo urushiga javoban AQShga nodir yerosti metallarini yetkazib berishni cheklashini ma’lum qilgandi. Bu esa qisqa muddatli vahimaga va ayrim metallar narxi 150 foizga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Vashington bu tahdidlardan so‘ng darhol «Muhim minerallar yetkazib berishni kafolatlash bo‘yicha federal strategiya»ni e’lon qildi. Bu hujjatda ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish rejalari belgilandi. Shu vaqtdan beri AQShning turli davlat agentliklari bu yo‘nalishda milliardlab dollar sarfladi. Eng yirik loyihalar qatorida Texasda Lynas Rare Earths Ltd zavodi qurilishi va Kaliforniyadagi Mountain Pass koni imkoniyatlarini kengaytirish kiritilgan.

Bu sa’y-harakatlar besamar ketmadi. AQSh 2019 yilda 28 ming tonna nodir metallarini ishlab chiqargan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu raqam 45 ming tonnaga yetdi. Biroq, iste’mol hajmi o‘sishi tufayli umumiy balans o‘zgarmadi: 2019–2024 yillarda Xitoyning AQSh nodir yer metallari import borasidagi ulushi o‘rtacha 72 foizni tashkil qildi.