Rossiya davlat gaz giganti «Gazprom» bosh direktori Aleksey Miller 11 yil avval Sankt-Peterburg shahri markazida Italiyaning saroy uslubida barpo etilgan hashamatli binoni ocharkan, uning kelajagi Yevropa bozoriga bog‘liq ekanini bashorat qilgan edi.

Rossiyaning eng «yevropacha» shahrida qurilgan zamonaviy ofislar haqida gapirar ekan, Miller: «Bu ramziy ma’noga ega. Yevropaning Rossiya gaziga ehtiyoji yanada ortadi», degandi.

Biroq bugunga kelib ushbu hashamatli ofislar «Gazprom»ning keskin tanazzuli ramziga aylandi. Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaning G‘arb bilan munosabatlari uzilganidan so‘ng kompaniya Yevropa bozorlarini qariyb butunlay yo‘qotdi.

Bir necha milliard dollarlik zarar ko‘rib, iqtisod qilish uchun chora izlayotgan «Gazprom» rahbariyati endi ushbu binoni boshqa hashamatli mulklari bilan birga sotishni o‘rganib chiqmoqda. Bu haqda «Gazprom» rahbariyatidan biri hamda kompaniya ichidagi muhokamalardan xabardor yana bir manba Reutersʼga ma’lum qildi.

«Gazprom» Rossiyaning uch yil avval Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng joriy qilingan xalqaro sanksiyalardan eng ko‘p zarar ko‘rgan kompaniya bo‘ldi. Rossiya iqtisodiyotining umumiy barqarorligi saqlanayotgan bo‘lsa-da, bir qancha sohalarda keskin qiyinchiliklar kuzatila boshladi. Reuters avvalroq prezident Vladimir Putin harbiy xarajatlarning keskin ortishi iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganidan xavotirda ekani haqida xabar bergan edi.

«Gazprom eksport» xodimlari keskin qisqarib, bir necha o‘n kishigacha tushib qoldi. Bir paytlar kompaniyaning eng farovon bo‘linmasi bo‘lgan va yarim asrdan ortiq davomida SSSR hamda Rossiyaning Yevropaga gaz sotuvini boshqarib kelgan ushbu bo‘linmada hozir faqat bir necha o‘nlab xodim qolgan.

Rossiya Yevropaga eng ko‘p gaz eksport qilgan besh yil oldingi davrda ushbu bo‘linmada 600 kishi ishlayotgan edi. Binoning sotilishi mumkinligi va xodimlar qisqartirilgani haqida hozircha biror joyda rasmiy xabar berilmagan.

«Gazprom» matbuot xizmati va Rossiya energetika vazirligi ushbu xabar yuzasidan izoh berish bo‘yicha qilingan murojaatlarni javobsiz qoldirdi.

Vaziyatdan xabardor manbalarning Reutersʼga bildirishicha, Yevropa bozori yo‘qotilgach, qolgan xodimlar asosan Yevropa Ittifoqidagi sobiq xaridorlar bilan sud jarayonlariga jalb qilingan. «Gazprom eksport» hozirda «shunchaki quruq qobiq»qa aylangan, deydi manbalardan biri.

Kremlga yaqin «Milliy energetika xavfsizligi jamg‘armasi» eksperti Aleksey Grivachning ta’kidlashicha, yaqin istiqbolda «Gazprom»ning vazifasi ancha kamtarona bo‘lib, asosan Rossiya aholisining gaz ta’minotini yaxshilashga qaratilgan.