Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Rossiya-Ukraina muzokaralari tiklanmoqda

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada diplomatik yoʻl bilan tinchlikka erishish imkoniyatlari borligiga ishonch bildirmoqda. Putin 3-sentabr kuni Sharqiy iqtisodiy forum doirasida Ukrainadagi urush haqida qator bayonotlar berdi.

«Birinchi navbatda Rossiya va Ukraina oʻzaro kelishib olishi kerak. Qolgan barcha davlatlar esa qoʻllab-quvvatlashga va yordam berishga tayyor. Bu toʻgʻri yondashuv. Imkoniyatlar bormi? Mening fikrimcha, ha, ular bor», dedi Putin.

Putinning soʻzlariga koʻra, Kiyevning Rossiya osmoni haqidagi bayonotlari «tinchlik muzokaralarini oʻtkazish imkoniyatlarini qiyinlashtiradi».

Oʻsha kuni keyinroq Volodimir Zelenskiy ham Rossiya bilan muzokaralarni qayta tiklash istiqbollari haqida gapirdi. Uning soʻzlariga koʻra, yaqin vaqt ichida Kiyev va Moskvaga AQSH vakillari tashrif buyuradi. Ushbu uchrashuvlarda ehtimoliy tinchlik kelishuvi muhokama qilinadi.

«Dastlabki sanalari bor. Ulardan allaqachon tasdiq olingan: uchrashuv Moskvada ham, Kiyevda ham boʻlib oʻtadi», dedi Zelenskiy. Uning qoʻshimcha qilishicha, Ukraina Oq uy jamoasi bilan doimiy aloqada.

Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi tinchlik boʻyicha ehtimoliy muzokaralar muhokamasi MRB rahbari Jon Ratkliffning Moskvaga tashrifidan soʻng tez orada qayta tiklandi. Axiosʼga koʻra, u urushni diplomatik yoʻl bilan yakunlashni muhokama qilish uchun AQSH, Rossiya va Ukraina prezidentlarining uch tomonlama uchrashuvi gʻoyasini taklif qilgan.

Ammo Tramp jurnalistlar bilan suhbatda yaqin orada uch tomonlama sammit oʻtkazish gʻoyasini rad etdi. «Men uchrashuvni biz tinchlik bitimini tuzishga tayyor boʻlganimizdagina oʻtkazmoqchiman», dedi Tramp.

Trampning fikricha, Ukrainadagi tinchlik yoʻlidagi muammo bu - Zelenskiy va Putin oʻrtasidagi shaxsiy adovat boʻlib, oqibatda uning oʻzi «bir sutkada yakunlashga» vaʼda bergan ziddiyat murakkabroq boʻlib chiqqan.

Gʻarbiy sohildagi zoʻravonliklar

Chorshanba kuni Gʻarbiy sohilga qilingan hujum oqibatida isroillik koʻchmanchilar va askarlar tomonidan oʻldirilgan falastinlik ikki oʻsmir dafn qilindi.