Fan-texnika | 15:23 / 19.03.2025
1289
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda humanoid robotlar o‘ziga o‘xshash mashinalarni yaratadigan zavod ochilmoqda

Zavodda yiliga 12 mingtagacha robot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Foto: DR

Amerikaning Figure kompaniyasi humanoid robotlar tomonidan xuddi shunday robotlar yig‘iladigan zavodni namoyish etdi. Yangi korxona yiliga 12 mingtacha robot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Zavod to‘liq humanoid mashinalarni yaratishga yo‘naltirilgan bo‘lib, jarayon vaqt o‘tishi bilan tobora avtomatlashtiriladi.

Zavodning birinchi liniyasi bevosita kompaniya ichida yaratilgan. Bunday yondashuv Figure kompaniyasiga sifatni nazorat qilish, yig‘ish samaradorligini oshirish va konstruksiyaga tezkor o‘zgartirishlar kiritish imkoniyatini beradi.

Ishlab chiqarish maydoni zamonaviy raqamli tizimlar, jumladan, Manufacturing Execution System dasturiy ta’minoti bilan jihozlangan — bu real vaqt rejimida barcha jarayonlarni kuzatish va muvofiqlashtirish uchun qo‘l keladi. Logistika va resurslarni rejalashtirish uchun Enterprise Resource Planning tizimi ishlatiladi, maxsus dasturiy ta’minot esa ombor faoliyatini optimallashtirishga xizmat qiladi.

Figure kompaniyasi vaqt o‘tishi bilan robotlar yangi qurilmalarni yig‘ishda faol qatnashishini rejalashtirmoqda. Bu avtomatlashtirish darajasini oshiradi, mahsulot ishlab chiqarishni tezlashtiradi va umuman olganda kundalik operatsiyalarni bajarishda inson mehnatiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi. Kompaniya allaqachon Figure 02 prototipidan arzonroq va yaxshiroq Figure 03 seriyali modeliga o‘tmoqda. Robotning yangi konstruksiyasi soddalashtirilgan, detallar soni minimallashtirilgan, yig‘ish jarayoni esa optimallashtirilgan.

Dastgohlar harakatini kompyuter yordamida boshqarish komponentlarni tayyorlash vaqtini bir necha haftadan bir necha soniyagacha qisqartiradi. Shu bilan birga, bunday uskunalarga katta sarmoya talab qilinadi.

Korxonada maxsus brigadalar mahsulotni sinovdan o‘tkazib, uning chidamliligi va sifatini tahlil qilmoqda. Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish maqsadida kompaniya avtomatlashtirish sohasidagi mutaxassislarni jalb qilgan. Ular yordamida ishlab chiqarish jarayonlariga yangi yig‘ish texnologiyalari joriy etildi, jumladan, motorlarga avtomatik ravishda moy quyish va akkumulyator elementlarini sinovdan o‘tkazish tizimlari o‘rnatildi.

Bundan tashqari, Figure kompaniyasi sun’iy intellektga asoslangan Helix dasturiy majmuasini ishlab chiqdi. U butun jarayonda ishtirok etuvchi robotlarni boshqaradi. Bu esa an’anaviy konveyer tizimlaridan voz kechish va detallarning zavod ichidagi harakatini avtomatlashtirish imkonini beradi. Vaqt o‘tishi bilan yangi robotlarni yig‘ishda asosiy ishlarni robotlarning o‘zi bajaradi. Detallar esa tez va ortiqcha xarajatlarsiz tayyorlanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar