Jahon | 13:34 / 19.03.2025
2214
3 daqiqa o‘qiladi

«Ozodlik radiosi» grant to‘xtatilgani uchun USAGM'ni sudga berdi

«Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi» AQShning Global media agentligi va uning ikki amaldoriga qarshi «Ozodlik radiosi»ga berilgan federal grantni bekor qilishga urinishlari yuzasidan sudga murojaat qildi.

Foto: Josef Horazny/CTK/picture alliance

«Ozodlik radiosi» 18 mart, seshanba kuni kechqurun e’lon qilgan bayonotga ko‘ra, «Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi» Amerika Qo‘shma Shtatlarining Global media agentligi (USAGM) va USAGM rasmiylari Keri Leyk va Viktor Morales (Donald Tramp ma’muriyati a’zolari) ustidan «Ozodlik radiosi»ga berilgan federal grantni to‘xtatishga urinishlariga to‘sqinlik qilish maqsadida sudga da’vo arizasi bilan chiqdi.

Shikoyatda aytilishicha, «Ozodlik radiosi»ning Kongress tomonidan ajratilgan mablag‘lari rad etilishi federal qonunlarni, jumladan, Kongressga federal xarajatlar bo‘yicha eksklyuziv vakolat bergan AQSh Konstitutsiyasini buzadi. Ish Qo‘shma Shtatlar Kolumbiya okrugi sudida ko‘rib chiqiladi.

«Hozir Amerika dushmanlarining targ‘iboti va senzurasiga yon berish vaqti emas. Qonun biz tomonda va butun dunyo bo‘ylab despotlar bizning halokatimizni nishonlashiga hali erta, deb hisoblaymiz», dedi «Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi» prezidenti va bosh direktori Stiven Kapus.

IPI "Ozodlik radiosi" va AQShning boshqa ommaviy axborot vositalarini himoya qilib chiqdi

Xalqaro matbuot instituti (IPI) AQSh prezidenti Donald Tramp yettita davlat agentligi, jumladan AQSh Global media agentligi (USAGM) faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganidan keyin yopilishi kutilayotgan "Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi" va boshqa Amerika ommaviy axborot vositalarini himoya qilib chiqdi. «Ushbu harakat butun dunyo bo‘ylab avtokratlarning imkoniyatlarini kengaytiradi va millionlab muqobil, ishonchli yangiliklar va axborot manbalaridan mahrum qiladi», — deyiladi IPI'ning 17 mart kungi bayonotida.

Institut bayonotida ta’kidlanishicha, USAGM tomonidan boshqariladigan «Amerika ovozi», «Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi» «sovuq urush davridagi Sovet Ittifoqidan tortib, bugungi kunda Eron, Xitoy va Shimoliy Koreyagacha» avtoritar rejimlarga ega bo‘lgan mamlakatlar uchun muhim axborot manbalari hisoblanadi. «Uchta nashr AQSh Kongressi tomonidan moliyalashtiriladi va statistikaga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab haftasiga 450 million o‘quvchilar, tomoshabinlar va tinglovchilarni qamrab oladi», deb xabar beradi IPI. "Ozod Osiyo radiosi" prezidenti Bay Fang Trampning qarorini «diktatorlar va despotlar uchun mukofot» deb atagan.

IPI AQSh hukumatidan o‘z qarorini bekor qilishni va o‘z ommaviy axborot vositalari va xodimlarining ishini himoya qilishni talab qildi.

Mavzuga oid