AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Kremlning ma’lum qilishicha, ikki davlat yetakchilari Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha batafsil va ochiq fikr almashgan.
Ta’kidlanishicha, Rossiya prezidenti mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qat’iy sodiqligini tasdiqlagan holda, amerikalik sheriklari bilan birgalikda muammoni har tomonlama, barqaror va uzoq muddatli hal qilish yo‘llarini batafsil ishlab chiqishga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, u mojaroning asosiy sabablarini bartaraf etish va Rossiyaning xavfsizlik borasidagi qonuniy manfaatlarini inobatga olish zarurligini alohida qayd etgan.
AQSh prezidentining 30 kunlik sulh joriy etish tashabbusi doirasida Rossiya tomoni bir qator muhim masalalarni ko‘targan — ular orasida butun front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish ustidan samarali nazoratni ta’minlash, Ukrainadagi majburiy safarbarlikni to‘xtatish va Qurolli kuchlarning qayta qurollanish jarayoniga chek qo‘yish zarurati bor. Shuningdek, Kiyev rejimining kelishuvlarga rioya qilishga qodir emasligi bilan bog‘liq jiddiy xavflarga e’tibor qaratilgan. U ilgari ham bir necha bor erishilgan kelishuvlarni sabotaj qilgan va buzgani ta’kidlangan. Bundan tashqari, Kursk oblastida tinch aholiga qarshi «ukrainaliklar tomonidan sodir etilgan terrorchilik xususiyatiga ega vahshiyona jinoyatlarga» alohida urg‘u berilgan.
Shuningdek, mojaro yanada avj olmasligi va uni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish yo‘nalishida ishlash uchun asosiy shart — Ukrainaga chet el harbiy yordami ham razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni to‘liq to‘xtatish bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.
Donald Trampning Kursk oblastida qurshovda qolgan ukrainalik harbiylarning hayotini saqlab qolish bo‘yicha yaqinda qilgan murojaati munosabati bilan, Vladimir Putin Rossiya tomoni gumanitar tamoyillarga amal qilishga tayyor ekanini tasdiqlagan. U, shuningdek, agar Ukraina Qurolli kuchlari askarlari taslim bo‘lsa, ularga munosib muomala kafolatlanishini, bu Rossiya qonunlari hamda xalqaro huquq me’yorlariga muvofiq amalga oshirilishini bildirgan.
«Suhbat davomida Donald Tramp mojaro tomonlariga 30 kun davomida energetika infratuzilmasi obektlariga zarba bermaslik bo‘yicha o‘zaro kelishuv taklifini ilgari surdi, Vladimir Putin esa bu tashabbusni ijobiy qabul qilib, darhol Rossiya harbiylariga tegishli buyruq berdi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Rossiya prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan Qora dengiz akvatoriyasida kemalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbusni amalga oshirish g‘oyasiga konstruktiv yondashgan. Buning aniq tafsilotlarini qo‘shimcha ishlab chiqish maqsadida muzokaralarni boshlashga kelishib olingan.
















