Donald Tramp va Vladimir Putin yana telefon orqali muloqot qildi – bu Tramp AQSh prezidenti lavozimini egallab, Ukrainadagi urushni to‘xtatish rejasini amalga oshirishni boshlaganidan beri ikkinchi muloqot bo‘ldi.
Suhbat yakunlari bo‘yicha Kreml nimalar dedi?
Kreml xabariga ko‘ra, Putin va Tramp telefon orqali «Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha batafsil va ochiq fikr almashishni davom ettirgan» va mojaroni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish niyatini tasdiqlagan.
Putin Trampga Ukrainadagi vaziyatni hal qilish yo‘llarini birgalikda ishlab chiqishga tayyorligini aytgan, shuningdek, AQSh prezidentining Rossiya va Ukrainaning energetika infratuzilmasiga 30 kun davomida zarba berishdan o‘zaro tiyilish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi va harbiylarga shunday buyruq berdi.
Putin 30 kun muddatga o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish rejimiga rioya etilishini nazorat qilish bilan bog‘liq «jiddiy xatarlar» haqida gapirgan. Bu masala bo‘yicha hech qanday kelishuvga erishilmadi. Ukraina AQSh taklifiga ko‘ra, o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga rozi bo‘lgandi.
«AQSh prezidentining 30 kunlik sulh joriy etish tashabbusi kontekstida — Rossiya tomoni butun jangovar to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash, Ukrainada majburiy safarbarlikni to‘xtatish va Ukraina qurolli kuchlarini qayta qurollantirish zarurati bilan bog‘liq bir qator muhim jihatlarni qayd etdi. Shuningdek, erishilgan kelishuvlarni bir necha bor sabotaj qilgan va buzgan Kiyev rejimining kelisha olmasligi bilan bog‘liq jiddiy xavflar qayd etildi», – deyiladi bayonotda.
Mojaroning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ishlarning asosiy sharti Kiyevga xorijiy harbiy yordam va razvedka ma’lumotlarini berishni to‘liq to‘xtatish bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.
Shuningdek, Putin Trampga 19 mart kuni 175 ga 175 formatida harbiylar almashuvi o‘tkazilishini aytgan.
Kreml bayonotida aytilishicha, tomonlar Ukraina masalasini ikki tomonlama tartibda hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish niyatini tasdiqladi. Shu maqsadda Rossiya va Amerika ekspert guruhlarini tuzishga kelishib olgan.
Tramp Putinning NXL va KXLdagi rossiyalik hamda amerikalik yulduzlar ishtirokidagi hokkey bahsini tashkil bo‘yicha g‘oyasini ma’qullagan.
















