Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiy rossiyalik harbiylar Sumida F-16 qiruvchisini urib tushirgani haqidagi xabarni rad etdi
19 mart kuni Ukrainaga yana bir nechta qiruvchi samolyot yetkazib berilgan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy rossiyalik «harbiy muxbirlar»ning Rossiya qo‘shini Ukraina aviatsiyasining F-16 rusumli harbiy samolyotini urib tushirgani to‘g‘risidagi xabari rost emasligini ma’lum qildi.
«Rossiyaliklar nimanidir urib tushirishgani haqida aldashmoqda, ular hech narsani urib tushirgani yo‘q. Yaxshi yangilik esa — Ukrainaga bir nechta F-16 samolyoti uchib keldi», — dedi Zelenskiy 19 mart kuni kechqurun ukrainalik jurnalistlar bilan onlayn-brifingda (iqtibos «RBK-Ukraina»niki).
Bir kun oldin Rossiyadagi harbiy sohaga ixtisoslashgan telegram-kanallar Rossiyaning S-400 «Triumf» zenit-raketa kompleksi go‘yoki Ukrainaning F-16 samolyotini urib tushirgani, nishon Su-35S orqali belgilab berilgani haqida xabar tarqatgandi.
F-16 yo‘q qilingani haqidagi xabarlar Ukrainadagi pabliklarda shunday qiruvchi samolyot Sumi oblastida parvoz qilayotgani aks etgan videoyozuv tarqalishi ortidan paydo bo‘ldi.
Ukrainaga 2024 yil avgustida F-16 samolyotlarini yetkazib berish boshlangandi. O‘sha oydayoq Ukraina dastlabki yo‘qotishga uchradi — 26 avgust kuni samolyot RF qurolli kuchlarining yopirilma hujumini qaytarish chog‘ida halokatga uchradi. F-16 boshqaruvida bo‘lgan uchuvchi Aleksey Mes halok bo‘ldi. Tergov qiruvchi samolyot qulashiga pilot xatosi, texnik nosozlik yoki Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlarining «do‘stona zarbasi» sabab bo‘lgani to‘g‘risidagi versiyalarni ko‘rib chiqqan.