“Titanik”ning aysbergga urilib cho‘kib ketganiga aprelda 113 yil to‘ladi. Insoniyat undan keyin ham xato qilishda davom etdi va oqibatda yana yirik kemalar halokatga uchrab, odamlar halok bo‘ldi. Ushbu materialda eng yirik kema halokatlari haqida so‘z yuritamiz.

2025 yil 10 mart kuni Shimoliy dengizning Britaniya sohillarida AQSh bayrog‘i ostida harakatlangan Stena Immaculate neft tankeri hamda Portugaliyaning Solong konteynerovozi bir-biri bilan to‘qnashib ketdi.

To‘qnashuv ertalab Angliya sharqidagi Xall shahri yaqinida Sharqiy Yorkshir qirg‘og‘ida sodir bo‘lgan. Konteynerovoz langar tashlab turgan neft tankeriga borib urilgan. Oqibatda har ikki kemada ham yong‘in chiqqan va 32 kishi jarohat olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda to‘qnashuvdan keyin yuzaga kelgan yong‘inning foto va videolari tarqaldi. Ularda tanker ustidagi qora tutunni ko‘rish mumkin.

Quyida suv transporti tarixida yuz bergan eng yirik halokatlarni sanab o‘tamiz. Shubhasiz ular orasida eng ko‘p odam o‘lgan hodisa “Titanik” kemasining halokatga uchrashi hisoblanadi.

Taniqli Hollivud rejissyori Jyeyms Kameron tomonidan 1997 yilda suratga olingan “Titanik” filmi ushbu hodisani yanada mashhur qilib yubordi.

1. “Titanik”

20-asr boshlarida Transatlantika yo‘nalishida Yevropa va Amerika orasida kemalar qatnovi bo‘yicha keskin raqobat yuzaga keldi. Turli kompaniyalar bir biridan o‘zish uchun yirik kemalar qurdira boshladi. “Titanik” ana shu raqobat paytida qurilgandi.

“Titanik” 1911 yilda suvga tushirilgan. Uning qurilishida bir vaqtning o‘zida 1 500 kishi mehnat qilgan. Kemaning uzunligi 269, eni 28, balandligi 18 yarim metr bo‘lgan.

1912 yil 10 aprel kuni “Titanik” Angliyaning Sauthempton shahridan Nyu Yorkka qarab harakatlana boshlaydi. Bu uning Transatlantika bo‘ylab birinchi qatnovi edi. O‘shanda kema bortida 1 314 nafar yo‘lovchi va 908 nafar ekipaj a’zolari bo‘lgan.

14 aprel kuni tunda soat 23:39 da “Titanik” yirik aysberg bilan to‘qnashadi. Shunda uning korpusi teshilib, kemaga suv kira boshlaydi. Ekipaj eng avval ayollar va bolalarni qutqarishga kirishadi. 712 kishi qutqariladi. 1 496 kishi halok bo‘ladi.