Bundan bir kun avval agentlik Rossiya va Ukraina tomonidan mintaqada amalga oshirilayotgan hujumlar soni ortib borayotgani fonida Turkiya savdo kemalarining bo‘g‘ozlar orqali harakatini cheklagani haqida xabar tarqatgan edi.

Kemalar harakatini kuzatish tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Aegean Dream neft tankeri 6-avgustdan buyon hududda kutib turganidan so‘ng, 9-avgust kuni Dardanell bo‘g‘oziga kirgan. Kemaning manzili sifatida Rossiyaning Novorossiysk shahridagi Kaspiy quvur konsorsiumi terminali ko‘rsatilgan.

Mehmet Kahveci A konteyner tashuvchi kemasi ham 9-avgust kuni ertalab Dardanell bo‘g‘ozidan o‘tgan. Uning ham yo‘nalish manzili Novorossiysk ekani ko‘rsatilgan.

Tranzit ruxsatnomalarini berish kechiktirilgan

Bloomberg 8-avgust kuni Turkiya Sohil xavfsizligi bosh boshqarmasi Novorossiyskka yo‘l olgan bir nechta kemaga bunday reyslar uchun tranzit ruxsatnomalari vaqtincha berilmayotganini ma’lum qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek, Dardanell bo‘g‘ozidan o‘tish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha vaqt talab qilinishi aytilgan.

Agentlik manbasiga ko‘ra, cheklovlar faqat Rossiya portlariga emas, Ukraina tomon harakatlanayotgan kemalarga ham taalluqli bo‘lgan.

Anqara mazkur qarorning sabablarini rasman tushuntirmagan va vaziyatga ochiq izoh bermagan. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Turkiya Transport vazirligi ham 9-avgust kuni agentlikning izoh so‘rab yuborgan murojaatiga javob bermagan.

Kemalar harakatidagi kechikishlar Turkiya hukumati Qora dengizda savdo kemalariga hujumlar ko‘payib borayotganiga jiddiy e’tibor qarata boshlagan bir paytda yuz berdi.

Turkiya Rossiya va Ukrainadan hujumlarga moratoriy so‘radi

Bloomberg 8-avgust kuni amerikalik rasmiyga tayanib, Ukraina Rossiya bilan bog‘liq bo‘lmagan ayrim neft tankerlarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga ko‘maklashishga rozi bo‘lganini ham xabar qildi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Anadolu agentligiga bergan intervyusida Anqara Rossiya va Ukrainaga Qora dengizdagi hujumlarga “moratoriy” joriy etish taklifini bildirganini ma’lum qildi.

Fidanning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tomoni bu masala yuzasidan bir qator chora-tadbirlarni ishlab chiqqan va ular prezidentga taqdim etilgan. Hozir ularni amalga oshirish jarayoni boshlanmoqda.