Reuters agentligi AQSH prezidenti Donald Tramp maʼmuriyatining ismi oshkor etilmagan ikki nafar vakiliga tayanib, Xitoyning COSCO yuk tashish kompaniyasi kemalaridan radioelektron razvedka maʼlumotlarini toʻplash uchun foydalanayotgani haqida xabar berdi.
AQSH rasmiylarining bahosiga koʻra, COSCO oʻnlab yillar davomida Pekin bilan razvedka maʼlumotlarini toʻplash sohasida hamkorlik qilib kelgan. Taʼkidlanishicha, bunday tizim Xitoyga Yevropa, Shimoliy Amerika va Osiyo hududlarida harakatlanayotgan kemalar va havo kemalaridan tarqaladigan aloqa signallarini tutib olish imkonini berishi mumkin.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakillari esa bu ayblovlarni rad etgan.
Radioelektron razvedka uchun moʻljallangan maxsus uskunalar hajmi, tuzilishi va imkoniyatlariga qarab turlicha boʻlishi mumkin. Ular nisbatan kichik va oddiy qurilmalardan tortib, murakkab razvedka komplekslarigacha boʻlishi mumkin.
Zamonaviy yirik tijorat kemalari odatda koʻplab antennalar, aloqa va navigatsiya vositalari bilan jihozlangani sababli, bunday maxsus uskunalarni tashqi tomondan sezilmaydigan tarzda joylashtirish texnik jihatdan mumkinligi qayd etilgan.
Kemalar orqali toʻplangan razvedka maʼlumotlari keyin qanday ishlatilishi aniq emas. Biroq bortdagi tizimlar qabul qilingan maʼlumotlarni yozib olishi va keyinchalik xavfsiz sharoitda ularni boshqa markazlarga jismoniy tashuvchilar yoki aloqa kanallari orqali yetkazishi mumkin.
Oddiy passiv radioelektron razvedka komplekslari avtonom tarzda ishlay oladi. Murakkabroq tizimlar esa kema sunʼiy yoʻldosh aloqasiga ulangan taqdirda dunyoning istalgan nuqtasidan masofadan boshqarilishi mumkin. Hozirgi vaqtda yuqori tezlikdagi sunʼiy yoʻldosh aloqasi jahondagi tijorat kemalarida keng qoʻllanadi.
Shuningdek, bunday tizimlarni bevosita kema bortida boʻlgan mutaxassislar boshqarishi mumkin. Ular uskunalar ishlashini nazorat qilish bilan birga, tutib olingan va razvedka uchun qiziqish uygʻotadigan signallarni dastlabki tahlildan oʻtkazish imkoniga ham ega boʻlishi mumkin.
Kemalar maxsus maʼlumot uzatish kanallari bilan jihozlangan boʻlsa, toʻplangan axborotni deyarli real vaqt rejimida razvedka tarmogʻining boshqa nuqtalariga, jumladan Xitoy hududidagi markazlarga yuborish imkoni paydo boʻladi. U yerda maʼlumotlar keyingi tahlil va foydalanish uchun qayta ishlanishi mumkin.
Reuters manbalariga koʻra, razvedka platformasi sifatida moslashtirilgan tijorat kemalarining ustuvor vazifalaridan biri harbiy aloqa texnologiyalari hamda shifrlash vositalarining rivojlanishi haqida maʼlumot toʻplash boʻlishi mumkin.















