Bugun futbol haqida gaplashamiz. Oxirgi vaqtlarda o‘zbek futbolida ko‘p yangiliklar bo‘ldi. Milliy jamoamiz saralash bosqichidagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazib, Tehronda durang o‘ynadi. Ikki asrlik o‘zbek futboli tarixda eng shov-shuvli voqea o‘laroq «Manchester Siti»ga o‘tgan Abduqodir Husanov dunyoning eng zo‘r ligasiga ko‘chib o‘tganidan keyin ilk marta O‘zbekiston milliy jamoasi libosida maydonga tushdi. Mana shu ikki holat haqida fikrlashamiz.

Tehron endi qo‘rqinchli emas

Yoshligimizda Mushfiq Kozimiyning «Qo‘rqinchli Tehron» degan romanini sevib o‘qiganmiz. Aslida siyosiy ma’no kasb etgan roman syujyeti boshqa masala. Roman badiiy jihatdan juda mahorat bilan yozilgan bo‘lib, uni o‘qirkansiz, beixtiyor Tehron ko‘chalarida, uning son-sanog‘i yo‘q xiyobonlarida sayr qilganday bo‘lasiz. Asar o‘zbek kitobxonlari orasida mashhur bo‘lgani uchun O‘zbekiston ishtirokidagi Eronda kelajak futbol o‘yinlari haqida maqolalarda uning nomi bilan sarlavha qo‘yish odatga aylangan.

Bundan tashqari, «Ozodiy» stadionida 100 ming odam o‘yinlarni kuzatishi futbol o‘yinlarida Tehronni har qanday raqib uchun qo‘rqinchli qilishi ham bor gap.

Biroq Temur Kapadze murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi 25 mart kuni «Ozodiy»ni Eronning o‘zi uchun qo‘rqinchli maydonga aylantirishdi. Chindan shunaqa bo‘ldi. Osiyo giganti Eron o‘z uyida nuqul ta’qib qiluvchi maqomida o‘ynadi. O‘sha kuni Temur Kapadze kuchli murabbiy ekanini, maydondagi futbolchilar o‘zbek futboli darajasi chindan yuqori ekanini ko‘rsatib qo‘yishdi. Tehronda hamma zo‘r o‘ynadi. Eron chempionatida o‘ynayotgan O‘tkir Yusupov ko‘p marta goldan qutqardi, Abbos Fayzullayev allaqachon kuchli beshlik darajasiga chiqqanini yana isbotladi, ko‘pchilik nafaqaga kuzatayozgan Farrux Sayfiyev muhim golga assistentlik qildi. Menga ayniqsa Eldor Shomurodovning o‘yini yoqdi. Sardorimiz oxirgi o‘yinlarda orqaroqqa qaytib vaziyatlar yaratmoqda, Tehronda ham birinchi gol uchun muhim uzatmani amalga oshirdi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Tehronda juda zo‘r o‘yin o‘tkazib, muhim ochkoni qo‘lga kiritdi, mundialga chiqish imkoniyati keskin oshdi. Endi birgina durang ham O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib boradi. Vaholanki, keyingi ikki raqib ham O‘zbekistondan kuchli emas. Shunday ekan yo‘llanma qo‘lga kiritilishi ehtimoli juda yuqori.

Darvoqe, shu o‘rinda Eron milliy jamoasi haqida ikki og‘iz mulohaza. 25 martdagi durang forslarni jahon chempionatiga olib chiqdi. Ular rasman mundialga chiqqan 6-jamoa bo‘lishdi. Eron O‘zbekistonga qarshi o‘zi uchun yomon o‘tgan o‘yinda ham kerakli natijani qayd eta oldi. Haqiqiy top jamoalar shunaqa bo‘ladi, o‘yini chiqmay turgan, raqib kuchli ekani ko‘rinib turgan o‘yinlarda ham kerakli natijaga erishadi. Bizga ikkita gol urgan Mehdi Torimiy «Inter»da zaxirada qolib ketayotgan, jarohat sabab jismoniy holati unchalik yaxshi bo‘lmagan vaqtda ham qahramon bo‘lib ketdi. Bu borada Eronga qoyil qolmay iloj yo‘q.