Special One o‘zi haqida yana bir bor eslatib qo‘ydi

Turkiya kubogi. 1/4 final
«Fenerbahche» — «Galatasaroy» — 1:2 (1:2)
Gollar: Osimhen, 10 (0:1). Osimhen, 27 — pen. (0:2). Shimanski, 45+2 (1:2).
Chetlatishlar: Yandash, Mourinio — Yilmaz, Demirbay.

2 aprel kuni «Fenerbahche» o‘z maydonida «Galatasaroy»ga yutqazib, Turkiya kubogini chorakfinaldayoq tark etdi – 1:2. Bu safargi derbi ham hissiyotlarga boy kechdi. O‘yinning eng yorqin lahzalari esa final hushtagi chalinganidan keyin ro‘y berdi va asosiy qahramon albatta Joze Mourinio bo‘ldi.

O‘kan Buruk va Joze Mourinio hodisadan biroz oldinroq
Foto: Ahmad Mora/Getty Images

O‘yin yakunlanganidan keyin portugaliyalik mutaxassis hakamlar bilan gaplashib turdi, Buruk esa ularga yaqinlashdi va hakamlarga qo‘l berdi, Mourinio esa bu yerdan uzoqlashdi.

Shundan keyin Buruk Jozega nimadir dedi.

Mour «Galatasaroy» murabbiyining orqasidan bordi.

Va burnidan ushladi.

O‘kan baqirib yubordi va gazonga quladi.

Keyin ikkala jamoa futbolchilari to‘dalashib, yoqalasha boshladi. Vaziyat shu darajada ediki, xavfsizlik kuchlari maydonga tushib kelishiga to‘g‘ri keldi. Mojaroning jami to‘rt ishtirokchisiga qizil kartochka ko‘rsatildi: Mert Yandash, Karim Demirbay, Barish Alper Yilmaz va Mourinioning assistenti. Jozening o‘zi jazodan qutulib qolgan, ammo voqea maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgandan so‘ng diskvalifikatsiya qo‘llanishi mumkin.