O‘zbekiston | 12:01 / 15.04.2025
1404
3 daqiqa o‘qiladi

Fukuokadan O‘zbekistonga charter reyslari tashkil qilinadi

O‘zbekiston elchisi Muxsinxo‘ja Abdurahmonov tashrif bilan Yaponiyaning Fukuoka prefekturasida bo‘ldi.

Foto: "Dunyo" AA

Tashrif O‘zbekiston Yaponiya hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish, mamlakat iqtisodiy diplomatiya siyosatini faol ilgari surish maqsadida amalga oshirildi.

Fukuoka Savdo-sanoat palatasi raisi O‘zbekistonning muhim strategik joylashuvi hamda Markaziy Osiyo mintaqasining ulkan iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda, mamlakat va prefektura ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha amaliy yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Kyuden International Corporation prezidenti Takashi Mitsuyoshi bilan muloqotda ushbu kompaniya ishtirok etayotgan Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 61,9 gektar maydonida quvvati 1600 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini barpo etish loyihasini amalga oshirish holati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Kompaniya tomonidan yaqinda ikki nafar yetakchi yapon muhandislari loyihada ishtirok etish uchun O‘zbekistonga yuborilgani va loyiha jadal sur’atlarda davom etayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, ushbu yirik loyiha 2026 yil iyun oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Aso Trading Co.Ltd prezidenti Masaxiro Aso bilan uchrashuvda Fukuoka prefekturasiga o‘zbek milliy mahsulotlari eksporti hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Masaxiro Aso 2023 yilning sentabr oyida "Yaponiya xalqaro yoshlar palatasi" (JCI) raisi sifatida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini iliqlik bilan xotirlab, uning doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar juda samarali bo‘lganini ta’kidladi. "Prefekturada mavjud talabdan kelib chiqqan holda, O‘zbekistonda quritilgan mevalar hamda dukkakli mahsulotlarni eksport qilish masalasi o‘rganib chiqyapmiz", dedi u.

Hankyu Travel Co. Ltd sayyohlik kompaniyasi bosh ijrochi direktori Yoichi Tomura bilan kechgan suhbatda O‘zbekistonga Fukuoka prefekturasidan sayyohlar oqimini oshirish, yangi turizm kontentlarini ishlab chiqish hamda Kyushyu hududidan O‘zbekistonga charter reyslarini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.

Yapon tomoni qadimiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan, YuNeSKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlari jahon turizm maskanlari orasida o‘z o‘rniga egaligini bildirdi. So‘nggi yillarda yapon sayyohlarining O‘zbekistonga qiziqishi ortib borayotganligi alohida qayd etildi.

Ishchi tashrif davomida O‘zbekistonning Xiroshima, Fukuoka va Okayama prefekturalaridagi faxriy konsuli, Balcom Group kompaniyasi prezidenti Tetsuro Yamasaka bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.

Unda faxriy konsul bilan birgalikda 2025 yil davomida O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalari oqimini oshirish, o‘zbek mahalliy mahsulotlarini Yaponiya bozoriga keng targ‘ib qilish va mamlakatga yapon sayyohlari sonini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Mavzuga oid