14 aprel kuni Leapmotor C16 rusumli elektromobil ushbu brendning Xitoydan kelgan vakili ishtirokida Piskentda qayta sinovdan o‘tkazildi. Elektromagnit moslashuvchanlik laboratoriyasi boshlig‘iga ko‘ra, sinovda avtomobil belgilangan elektromagnit normasiga muvofiqligi tasdiqlangan. Bu brendga qo‘yilgan cheklov bekor qilingani haqida hozircha e’lon qilinmadi.

14 aprel kuni Piskentdagi avtomobil laboratoriyasida o‘tkazilgan sinovda Leapmotor C16 rusumli avtomobil elektromagnit moslashuvchanlik testidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Mart oyi oxirida bu modeldagi elektromobilda “elektromagnit shovqin darajasi ruxsat etilgan chegaradan 16 barobar yuqori” degan vaj bilan, Leapmotor brendi ostidagi barcha modellarga muvofiq sertifikati berish uchun arizalar qabuli to‘xtatib qo‘yilgandi.

Shundan keyin Xitoy kompaniyasi belgilangan standartlarga mos, adolatli va xolis qayta tekshiruvni talab qilgandi.

14 aprel kuni kompaniya vakili ishtirokida xuddi shu rusumdagi, lekin boshqa elektromobil sinovdan o‘tkazildi va ijobiy natija olindi.

Mutaxassis sifatida aytadigan bo‘lsam, sinov natijasi belgilangan talab va me’yorlarga javob beradigan darajada chiqdi. Oldingi sinovda, belgilangan me’yordan oshib ketgani uchun nomuvofiq chiqqandi”, – dedi elektromagnit moshlashuvchanlik laboratoriyasi shu’ba boshlig‘i Davron Abdurashidov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sinovda salbiy natija ko‘rsatgan avvalgi avtomobilda ayrim detallar o‘zgartirilgan bo‘lishi mumkin.

Leapmotor brendi vakili Gu Zhiven bunday muammoli holat birinchi marta kuzatilayotganini aytdi.