Hindiston politsiyasi uch nafar gumonlanuvchining ismlarini e’lon qildi va ulardan ikki nafari – pokistonlik ekaniga e’tibor qaratdi.
Chorshanba kuni kechqurun Hindiston Pokiston bilan diplomatik munosabatlar darajasini pasaytirdi, elchixonalar xodimlari sonini deyarli ikki baravar qisqartirdi, mamlakatlar o‘rtasidagi quruqlikdagi yagona chegara o‘tish joyi yopilganini e’lon qildi va 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi suvlari bo‘yicha kelishuvni to‘xtatdi. Pokistonliklarga Janubiy Osiyo mintaqaviy hamkorlik assotsiatsiyasining vizadan ozod qilish tizimi bo‘yicha berilgan vizalar uch kun ichida bekor qilinadi.
Pokiston hukumati payshanba kuni bir qator javob choralarini joriy qildi: Hindiston fuqarolari uchun vizalar to‘xtatildi ( sikh ziyoratchilar bundan mustasno), hind harbiy maslahatchilari persona non grata deb e’lon qilindi va ularga mamlakatni tark etish buyurildi.
Pokiston havo hududi «Hindistonga tegishli yoki Hindiston tomonidan boshqariladigan barcha aviakompaniyalar uchun» yopildi, shuningdek, asosiy chegara posti Vagah yopildi va butun savdo, shu jumladan tovarlar tranziti to‘xtatildi.
Pokiston Hindistonning Hind daryosidan suv yetkazib berishni to‘xtatishga bo‘lgan har qanday urinishi «urush akti» sifatida baholanishi va unga tegishli javob berilishi haqida ogohlantirdi.
Pokiston rasmiylari bayonotida «ishonchli tergov va tekshiriluvchi dalillar» yo‘qligi aytilgan, Hindistonning Kashmirdagi hujumni Pokiston bilan bog‘lashga urinishlari esa «yengiltaklik, sog‘lom aqlga zid va mantiqsizlik» deb atalgan.
Hindiston Pokistonni suvsiz qoldirishi mumkinmi?

Hind tizimidagi oltita daryodan beshtasining manbayi Hindistonda joylashgan, ammo suvning asosiy qismini Pokiston oladi. Pokiston qishloq xo‘jaligi va energetikasi suv ta’minoti barqarorligiga bog‘liq. 1960 yilda tegishli shartnoma tuzilgan, unga ko‘ra Hindiston Hind tizimining uchta sharqiy daryosi suvlaridan Pokiston chegarasigacha foydalanish huquqiga ega, Pokiston esa uchta g‘arbiy daryodan foydalanadi.
Hindiston Pokiston bilan bo‘lgan mojarolarning hech birida shartnomani buzmagan va hozir birinchi marta uning amal qilishini to‘xtatdi, garchi shartnomada tomonlardan birining bitimni bir tomonlama to‘xtatib turish yoki bekor qilish huquqi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da; unda nizolarni hal qilishning aniq tartiblari ko‘rsatilgan.

















