RF mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan 21 yoshli amerikalik Maykl Gloss Ukrainadagi urushda halok bo‘lgan.
Maykl Gloss – amerikalik harbiylar farzandi. Uning onasi Julian Gloss AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlaydi, otasi Larri Gloss – AQSh harbiy-dengiz kuchlari faxriysi va AQSh mudofaa vazirligi uchun ham dasturiy ta’minot yaratish bilan shug‘ullanuvchi Security Information Systems kompaniyasi rahbari hisoblanadi.

Maykl Gloss falastinliklarni qo‘llagan va islom diniga qiziqqan. 2022 yilda Amerika bayrog‘ini yoqib yuborib, bu holat videosini ijtimoiy tarmoqqa joylagan.
Do‘stlari aytishicha, so‘nggi paytlarda u fitna nazariyalariga berilib ketgan, ammo hech kim uning Rossiya armiyasiga qo‘shilishi mumkinligini taxmin qilmagan, chunki uning barmog‘ida patsifik (tinchliksevarlar) tatuirovkasi bor edi.
Maykl Gloss dunyo bo‘ylab bir necha oy sayohat qilganidan so‘ng, 2023 yilda Rossiya armiyasiga qo‘shilgan. «Vajniye istorii» nashri aniqlashicha, Gloss 2023 yil qishida kollejdagi o‘qishini tashlab, AQShni tark etgan. Avvaliga u Italiyada yashagan, keyin Isroilga yo‘l olgan, u yerdan esa deportatsiya qilindi. Keyingi bir necha oyni u Turkiyada o‘tkazadi, u yerda Rainbow family hamjamiyati yig‘ilishi – «Bolqon yig‘ini»ga tashrif buyurgan, shuningdek, Hatay viloyatidagi zilzila oqibatlarini bartaraf etishga yordam ko‘rsatgan.
Glossning Istanbulda birga yashagan tanishi «Vajniye istorii»ga amerikalik «doimo qandaydir salbiy narsalar haqida – qashshoqlik, sivilizatsiyalar qulashi haqida gapirgani»ni aytib bergan. «U G‘arbning gegemonligi davri tugayotganiga va tez orada uning o‘rnini BRIKS egallashiga ishonchi komil edi», – dedi nashr suhbatdoshi. Turkiyadagi yana bir tanishi Gloss Falastin haqidagi videoni tomosha qilgani va «Amerikadan qattiq g‘azablangani»ni aytadi. «Rossiyaga ketish haqida o‘ylay boshladi. U AQSh bilan jang qilmoqchi edi. Ammo menimcha, unga fitna nazariyalaridan iborat videolar kuchli ta’sir ko‘rsatgan», – deydi nashr suhbatdoshi.
Maykl Gloss Rossiyaga 2023 yil avgustida kelgan. Rossiya vizasini olishdan oldin, Gloss tanishlaridan o‘zini RFga taklifnoma olishda yordam so‘ragan. U Rossiyaga borish sababini turlicha izohlagan: kimgadir rus tilini o‘rganmoqchiligini aytsa, boshqasiga – fuqarolik olish niyatidaligini, uchinchi bir odamga — o‘zining ekologik loyihasini rivojlantirish uchun borayotganini bildirgan. Nashr chegara xizmatlari ma’lumotlarini o‘rganish orqali aniqlashicha, u Gurjiston va Rossiya chegarasini 12 avgust kuni kesib o‘tgan.











