Qibray tumanidagi Chinobod qishlog‘i, Bo‘ston mahallasida bo‘lgan Kun.uz muxbiri qiziq manzaraga shohid bo‘ldi.
Mahallaning ichki yo‘li bo‘ylab ariq qazilyapti. Mahalliy aholi vakillariga ko‘ra, ariqni qazishdan maqsad – tomorqalarni sug‘orish uchun yuqori ariqdan suv keltirish. Lekin...
Holatning ajibligi shundaki, beton ariq (“lotok”) to‘g‘ridan to‘g‘ri ichimlik suvi quvurlari ustidan yotqizilyapti. Quvurlar shundoq ham eskirib, bir qator joylari yorilgan. Boz ustiga, qazish jarayonida o‘sha eski quvurlarga ham shikast yetgan.
O‘zi qoniqarsiz, eskirib ketgan quvurlar endi betonning ostida qolsa-yu, ertaga darz ketgan joylardan suv chiqib ketsa, aniqki, suvsozlar yangi beton ariqni buzib, quvurlarni ta’mirlashiga to‘g‘ri keladi.














