




1–3 may kunlari Toshkent shahar hokimligi tashabbusi bilan Alisher Navoiy kutubxonasi oldidagi maydonda «Gullar festivali» bo‘lib o‘tmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, festival doirasida hududni bezatish uchun 2,5 mlndan ortiq gul va butalar, shuningdek kesilgan gul va kustarniklardan iborat dekorativ landshaftlardan foydalanilgan.



Shuningdek, festival maydonida maxsus ravishda joylashtirilgan gul tunnellari, osma gullar va installyatsiyalar: 10 mingga yaqin daraxt va butalar, yozgi gulli kompozitsiyalar va foto-zonalar mavjud.



Maydonda shuningdek, gul bilan bezatilgan «Choynak va piyola» ko‘rinishidagi kompozitsiya, markazda esa «Mustaqillik monumenti» shaklidagi gullardan yasalgan kompozitsiyalar o‘rin olgan.



Festivalda gullar bilan bezatilgan dinozavrlar shaklidagi elementlar, gigant kapalak, rangbarang tovus, 2 ta arava, klassik kichik avtomobillar va 18 metrli samolyot mehmonlarni o‘ziga jalb etadi.














































