Yamandagi husiychilar Isroilga qarata uchirgan ballistik raketa Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroporti yaqinida portladi.

Internetda e’lon qilingan kadrlarda haydovchilar yo‘lda mashinalarni to‘xtatib, yashirinishga urinayotganini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchilar terminalidan olingan tasvirlarda tutun ustuni ko‘tarilgani aks etgan.

Ko‘rinishidan, raketa aeroport atrofidagi panjara yaqiniga tushgan.

Isroil ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, portlash oqibatida to‘rt kishi yaralangan, yana ikki kishi bombapanagohga ketayotganda jarohatlangan.

Ben-Gurion aeroportida parvozlar bir muddat to‘xtatildi.

Zarba oqibatida aeroportning uchinchi terminaliga olib boruvchi yo‘l shikastlangan.

Isroil televideniyesida portlash oqibatida hosil bo‘lgan chuqurlik atrofida mamlakat politsiya markaziy okrugi boshlig‘i Yair Xetsroni qutqaruv xizmatlari va aeroport xodimlari bilan birga turgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi.

«Shundoqqina orqamda voqea joyi ko‘rinib turibdi – diametri bir necha o‘n metr va chuqurligi bir necha o‘n metr bo‘lgan voronka, – dedi u. – Shuni aytish kerakki, aholi ko‘rsatmalarga quloq tutdi va shuning uchun bugun bizda stress holatlarini hisobga olmaganda, ushbu hodisa natijasida jabrlanganlar yo‘q. Shuni ta’kidlashim kerakki, vaziyat barqarorlashtirilgan, politsiya Aeroportlar boshqarmasi bilan birgalikda barcha kirish yo‘llarini yopmoqda va jiddiy zarar yo‘q».

Shunga qaramay, Germaniyaning Lufthansa va Ispaniyaning Air Europa aviakompaniyalari yakshanba kuni Tel-Avivga parvozlarni to‘xtatdi.

Havo hujumidan mudofaa tizimi raketani nega o‘tkazib yuborgan?

Isroil harbiylari hodisa tafsilotlari tekshirilayotgani va nima uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari raketani tutib ololmaganiga aniqlik kiritayotganini ma’lum qilgan.

Husiychilar vakili Yahyo Sari o‘z telemurojaatida Isroil aeroporti «endi aviatashuvlar uchun xavfsiz emasligi»ni aytdi.

Mudofaa vaziri Israel Kats esa shunday dedi: «Kim bizga zarar yetkazsa, bunga javoban yetti karra kuchliroq zarba qabul qilib oladi».

Eron ko‘magida harakat qilayotgan husiychilar muntazam ravishda «Ben-Gurion» aeroportini o‘qqa tutishga urinib kelmoqda.