Qishloq xo‘jaligi sohasiga yopishgan yana bir dard bor: OAVda chiqqan materiallarga nisbatan hokimiyat va boshqa idoralar tomonidan ko‘r-ko‘rona munosabatlar e’lon qilib, muammoni yopishga urinish. Ana shunday holatlardan biri bo‘kalik dehqonlar dardi va Toshkent viloyat hokimligi uni qanday “yopgani” misolida tahlil qilindi.
Joriy yil 16 aprel kuni Kun.uz saytida kasanachi oilalarning yerlari tortib olinayotgani, ko‘plab oilalar haq-huquqi uchun kurashishi samara bermayotgani haqida material e’lon qilingandi.
Unda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida kasanachi ayollarga 5 yil avval 25 gektar yer bo‘lib berilgani, oilalar u yerda 100 mingdan oshiq tut ko‘chatlari o‘tqazishgani, endi esa tutzor ulardan olib qo‘yilib, auksionda sotilayotgani aytilgandi.
Kasanachi oilalarning 5 yillik mehnatini tortib olishmoqchi. Oilalar haq-huquqi uchun kurashmoqda
Joriy yil 18 aprel kuni Toshkent viloyati hokimligi matbuot kotibi hokimlikning vaziyatga munosabatini e’lon qildi.
Mazkur munosabatni Fermerlar kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov yolg‘on, ko‘r-ko‘rona jamoatchilikni chalg‘itish deb baholaydi. Jurnalist Shokir Sharipov va Chorixon Qodirov navbatdagi tahlilda davlat tashkilotlari matbuot xizmatlarining OAVda chiqayotgan tanqidiy materiallarga ko‘r-ko‘rona yondashuvini tahlil qildi.
Sh.Sharipov: Chorixon aka, o‘tgan ko‘rsatuvda biz siz bilan birga Bo‘kadagi vaziyatni yoritgan edik – kasanachilarning yerlarini noqonuniy olib qo‘yishayotganini. Keyin bilsak, hokimiyatning o‘ziga xos “munosabati” chiqibdi...
Ch.Qodirov: Shunday. Ko‘rsatuv chiqqanidan keyin fermer xo‘jaligi nomiga hokimiyat tuhmat qilib turibdi, “belgilangan yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan tut ko‘chatlari ekkan, tuzilgan shartnoma qoidalariga amal qilmagan, yerdan boshqa maqsadlarda foydalanib kelgan”, deb. Bizning himoyamizdagi fermer xo‘jaligiga tuhmat qilingani uchun qarab turolmaymiz.









