Yerosti suvlaridan foydalanadigan tadbirkorlar avgustgacha suv hisoblagich o‘rnatishi kerak. Aks holda belgilangan stavkaning 5 barobari miqdorida soliq to‘laydi. Masalan, avtomobil yuvish shoxobchalari uchun suv solig‘i 1 kubometr uchun 15 ming so‘m bo‘lsa, hisoblagich bo‘lmaganda 75 ming so‘mdan hisoblanadi. Sutkasiga 5 kubometrdan ko‘p yerosti suvi ishlatadigan jismoniy shaxslar ham hisoblagich o‘rnatishi kerak.
5 may kuni imzolangan qonun bilan, Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq, yerosti suv manbalaridan suv o‘lchash uskunalarisiz suv olinganda soliq stavkasi belgilangan soliq stavkalarining 5 baravari miqdorida belgilanadi.
Bu tartib nima uchun joriy etilgani va qanday ishlashi haqida Soliq qo‘mitasining resurs soliqlar ma’muriyatchiligi boshqarmasi boshlig‘i Nodir Qodirov Kun.uz'ga izoh berdi.
“Suv sathi pasayib borayotgani uchun ushbu norma kuchga kirdi”
— “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga asosan, suv resurslari bir nechta tashkilotlar zimmasida:
- ichimlik suvi tarmog‘idagi suvlarni nazorat qilish “O‘zsuvta’minot” AJ;
- qishloq xo‘jaligi va sug‘orishga mo‘ljallagan suvlarni Suv xo‘jaligi vazirligi;
- yerosti suvlarini Tog‘-kon va geologiya vazirligi;
- tabiiy havzalardagi suvlarni Ekologiya vazirligi nazorat qiladi.
Oxirgi yillarda suv sathining pasayishi, yerosti suvlaridan oqilona foydalanish borasida chora-tadbirlar belgilanganidan kelib chiqib, bu norma kiritilyapti. Ilgari yerosti suvlaridan hisoblagichsiz foydalanganda ta’sirchan soliq stavkalari bo‘lmagan. 2025 yil 5 avgustdan yangi qonun kuchga kiradi. Kim yerosti suvidan hisoblagichsiz foydalansa, endilikda ular soliqni 5 barobar qimmat to‘laydi. Bu – yerosti suvini tejashga qaratilgan choradir.
Shuningdek, yerosti suvidan foydalanish maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi. Ya’ni jismoniy shaxslar 5 kub metrgacha ishlatsa, ruxsatnoma olish talab etilmaydi. Lekin tadbirkorlik sub’yektlari uchun yerosti suvlaridan foydalanganda, albatta, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligidan ruxsatnoma olishi kerak.














