Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) norasmiy sammitida nutq so‘zladi.

«Bugungi sammitimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida o‘tmoqda. Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barchamiz uchun katta sinov bo‘lmoqda. Shu sababli dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir. Ta’kidlash lozimki, biz eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblaymiz», deb so‘z boshladi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Ukrainadagi mojaroning diplomatiya yo‘li bilan hal etilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz... G‘azoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Toki «Ikki xalq uchun – ikki davlat» tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas. Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda yechim topishimiz lozim. Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi», dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident kun tartibidan kelib chiqib, o‘z takliflarini bildirdi.

«O‘tgan yili «Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik hamda qardoshlik to‘g‘risida»gi bitimni ishlab chiqish taklifini ilgari surgan edik. Bugungi kunda ushbu hujjatning ahamiyati va dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Hech shubhasiz, mazkur bitim xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hujjatni Boku sammitida imzolashni taklif qilaman.

Oldimizda aniq vazifa turibdi – yaqin yillarda o‘zaro savdo ulushini keskin ko‘paytirish lozim. Shu maqsadda «Turk-treyd» onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbuslarini ilgari suramiz.

Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yo‘lga qo‘yishga chaqiraman. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.