Bugun Lyublyanadagi Kongress maydonida Sloveniyaga rasmiy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarini Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musar samimiy kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saflandi. Harbiy orkestr O‘zbekiston va Sloveniya davlat madhiyalarini ijro etdi.

Ikki mamlakat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan salomlashdilar.

Rasmiy marosimdan so‘ng "Zvezda" bog‘ida urush qurbonlari xotirasiga hurmat hamda tinchlik va insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ramzi sifatida Barcha urushlar qurbonlari yodgorligiga gul qo‘yildi.

Lyublyana shahridagi prezident saroyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musarning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Sloveniya yetakchisiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, so‘nggi 20 yilda ilk bor o‘tkazilayotgan oliy darajadagi tadbirlar ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqichning boshlanishi sifatida tarixga kirishini ta’kidladi.

O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Siyosiy muloqot, turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki mamlakat BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida  bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan.

Ikki tomonlama munosabatlarga tizimli tus berish uchun oliy va yuqori darajadagi muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.