Davlat aktivlarini boshqarish agentligi avtomobillar uchun oyna ishlab chiqaruvchi «Avtooyna» MChJdagi 100 foiz davlat ulushi sotilganini e’lon qildi.

Davaktivga ko‘ra, «Avtooyna» MChJdagi davlat ulushini sotib olishga 8 ta kompaniya qiziqish bildirgan, lekin ulardan faqat 4 tasi majburiyatga ega takliflar yo‘llagan. Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida «Portfolio Investmens» jalb etilgan.

Yakunda 200,5 mlrd so‘m miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan «Uet Invest» MChJ savdo g‘olibi deb topilgan.

«Aktivning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning lisenziati bo‘lgan “General Motors” kompaniyasi (AQSh) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya kelishuvlariga va General Motors texnologiyalari bilan bog‘liq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi «Bosh Alyans» kelishuvida o‘rnatilgan talablar hamda boshqa tegishli kelishuv va cheklovlarga qat’iy rioya qilish kabi shartlar xaridor tomonidan qabul qilingan», deyiladi Davaktiv xabarida.

Shu bilan birga, «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasida belgilangan imkoniyatdan foydalangan holda xaridor tomonidan sotib olish to‘lovining dastlabki 35 foizi 1 oy davomida amalga oshirilishi kerak.

«Uet Invest» MChJ haqida

Xaridor – «Uet Invest» MChJ 2024 yilning yanvar oyida Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – fondlar va trastlarni boshqarish. Ustav fondi – 52 mln so‘m. Kompaniyaning qariyb 77 foiz ulushi Xurdiyor Ortiqboyevga, qolgan 23 foizi «UET Construction»ga tegishli. Boshqaruvchi –Hayot Fayziyev.

O‘z navbatida, 2023 yil aprel oyida tashkil etilgan UET Construction ta’sischilari orasida Xafizjon Anvarovich G‘ofurov (63 foiz) va Akmalxon Haydarxonovlar (37 foiz) bor.

Davaktiv ma’lumotlariga ko‘ra, «Uet Invest» elektr energiyasi, qayta tiklanadigan energiya, sanoat obektlari, yo‘llar, nasos stansiyalari, aeroportlar, ko‘priklar, ko‘chmas mulk va fuqarolik infratuzilmasi kabi sohalarda loyihalash, xarid qilish va qurilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi «UET Construction» kompaniyasi asoschisi ishtirokida yaratilgan. 2024 yil yakunlariga ko‘ra kompaniyaning sof foydasi qariyb 300 milliard so‘mni tashkil etgan.