Joriy yil 5 iyun kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2026 saralashi 3-bosqichi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari jamoasi bilan o‘ynaydi. Uchrashuv Abu-Dabidagi “Al-Nahyan” stadionida bo‘lib o‘tadi. 

Ayni vaqtda O‘zbekiston terma jamoasi o‘rin olgan A guruhida Eron terma jamoasi yetakchilik qilmoqda va ular jahon chempionati yo‘llanmasini hal qilib bo‘ldi. O‘zbekiston terma jamoasi yo‘llanmani kafolatlashi uchun BAA bilan safarda kamida durang o‘ynashi yoki Toshkentda Qatarni mag‘lub etishi lozim bo‘ladi. Shunda terma jamoa raqiblarining o‘yinlaridagi natijadan qat’i nazar mundialga boradi. O‘z navbatida BAA o‘z maydonida O‘zbekistonni mag‘lub eta olmasa, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan quruq qoladi.

Shu jihatdan, BAA–O‘zbekiston o‘yinining ahamiyati yuqori darajaga ko‘tarildi. O‘zbekistondan Abu-Dabiga minglab muxlislar tashrif buyurib, milliy jamoani stadiondan turib qo‘llab-quvvatlashi kutilyapti. Ushbu holat fonida chipta bilan bog‘liq muammoli jihatlar yuzaga keldi.

Vaziyat qanday?

Abu-Dabi shahrida o‘tkaziladigan bellashuv uchun chiptalar bir necha kun oldin Ticketmaster.ae sayti orqali sotuvga chiqarildi. OFK reglamentiga muvofiq mehmonlar uchun stadion sig‘imining sakkiz foiziga teng sondagi chiptalar taqdim etiladi. “Al-Nahyan” o‘yingohi o‘ziga 15 ming muxlisni sig‘dira oladi. O‘zbekiston terma jamoasi muxlislari uchun 1200 o‘ringa ega 3 ta maxsus joy ajratilgan — 24, 25 va 26-blok. Ayni paytda bu sektorlardagi hamma chiptalar sotib bo‘lingan yoki hali sotuvga chiqarilmagan. Qolgan sektorlar esa deyarli hali sotilmagan, standart narx – 20 dirham (70 ming so‘m).

Agar o‘zbekistonlik yoki boshqa xorij fuqarosi mezbon sektorlardan chipta xarid qilsa, stadionga kirish uchun BAA rezident ID kartasi kerak bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, BAA ID kartasiga ega o‘zbekistonliklar o‘yinga chipta xarid qilishgan. Ammo bir necha kundan keyin ularning elektron pochtasiga chipta bekor qilingani va xarid uchun sarflangan pul 5-10 ish kunida qaytarilishi haqida xabar kelgan. Bu esa noroziliklarga sabab bo‘lyapti.