Bugun, Toshkent vaqti bilan 31 may kuni soat 23:55 da Myunxendagi «Alyans Arena» o‘yingohida «PSJ» va «Inter» Chempionlar Ligasining navbatdagi g‘olibini aniqlash uchun maydonda saf tortadi.

Fransiya va Italiya to‘qnashuvi

Yevropaning nufuzli turnirlari haqida gap ketganda, birinchi navbatda kuchli beshlikdan Angliya, Ispaniya hamda «Bavariya» tufayli Germaniya tilga olinadi ko‘pincha. Italiya va Fransiya jamoalari odatda keyingi o‘rinlarda sanaladi. Bu safargi final bu an’anaga ters ravishda aynan shu ligalar vakillari o‘rtasida o‘tishi ham ajoyib, futbolda hech narsani oldindan taxmin qilib bo‘lmasligini anglatayotgandek go‘yo.

Hozirda moliyaviy muammolar sababli pasayib qolgan bo‘lishsa-da, o‘z vaqtida Italiya eng kuchli liga bo‘lgan va «kichik jahon chempionati» deb ham atalgan. Shuning uchun nisbatan olganda italiyaliklarda tarixan sovrin ko‘proq – shu paytgacha 12 marta Italiya klublari YeChL (avval Chempionlar kubogi) g‘olibiga aylanishgan. Finalda yutqazish bo‘yicha esa Italiya yaqqol peshqadam – 17 marta.

«Inter» umumiy jadvalda 7-jamoa sanaladi – milanliklar 3 marta ushbu turnir g‘olibiga aylangan bo‘lishsa, 3 marta finalda mag‘lubiyatga uchrashgan. Yangi formatga o‘tilgach, Chempionlar Ligasiga aylangandan keyin «Inter» 2010 yilda g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2023 yilda «Manchester Siti»dan mag‘lubiyatga uchradi.

Fransiya uchun bu sakkizinchi final. Fransiya klublari o‘z tarixida faqat bir marta Yevropada eng kuchli deb topilgan. 1993 yilda Marselning «Olimpik» klubi finalda Milanning shu nomdagi boshqa jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etgan. Ya’ni, «PSJ» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, o‘z tarixida ilk bor Chempionlar Ligasi kubogi egasiga aylanadi. Parijliklar bunga 2020 yilda ham urinib ko‘rgan, ammo o‘shanda «Bavariya»ga mag‘lub bo‘lingandi (0:1).

Murabbiylar

Albatta Luis Enrike hamkasbiga nisbatan tajribaliroq. Simone «Latsio»da katta futboldagi ilk murabbiylik qadamlarini qo‘yayotganda, Enrike «Barselona» bilan Chempionlar Ligasini yutgandi. Simone Italiyada faqat bir marta, 2023/24 yillar mavsumida chempionlikka erishgan va bir qator ichki kuboklar sohibi bo‘lgan, Luis Enrike esa Ispaniya, Fransiya va Italiya chempionatlari tajribasiga ega, hatto milliy jamoani ham boshqargan, Messi va Mbappe kabi eng oliy toifadagi yulduzlar bilan ishlagan. O‘z navbatida, agar bugungi jamoalar solishtirilganda, Indzagida ustunlik ko‘rishimiz mumkin. U to‘rt yildan beri ayni jamoa, ayni futbolchilarni shug‘ullantirmoqda va tarkib bir xil uslub bilan turli yo‘llarni, turli mag‘lubiyatlarni ham boshdan o‘tkazdi. «PSJ» nisbatan yangi jamoa, Enrike ikki yil oldin tashrif buyurgan bo‘lsa-da, aynan shu ko‘rinishdagi «PSJ» ilk mavsumini o‘tkazmoqda.