Dunyo tajribasida odatiy holga aylanib ulgurgan, odamlarni jamoat transportidan foydalanishga undaydigan yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar Toshkentda ham paydo bo‘ldi. Tariflar – soatiga 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha. Kun.uz muxbiri aholi vakillaridan bu yangilikka va belgilangan narxlarga munosabatini so‘radi. Narxlarni Olmaota bilan taqqoslaganda, Toshkentda ancha qimmatligi ma’lum bo‘ladi.
8 maydan boshlab Toshkentda ilk yo‘lbo‘yi pulli avtoturargohlar ish boshladi. Hozircha bunday turargohlar shahar markazida: Amir Temur xiyoboni aylanmasi, Mirobod, Istiqlol, Istiqbol, Sodiq Azimov, Shahrisabz va Glinka ko‘chalarining ayrim qismlarida ishlab turibdi.
Jahon tajribasida avtomobil to‘xtab turish joylarining pulli bo‘lishi – aholini jamoat transportidan foydalanishga rag‘batlantirish chorasi sifatida ko‘riladi.
Rejaga ko‘ra, sentabrga qadar Toshkentdagi pulli to‘xtash joylari jami 86 ta ko‘chaga yoyiladi. Tariflarni poytaxt hokimi tasdiqlagan: soatiga 5 mingdan 12 ming so‘mgacha – shahar markaziga yaqinlashgan sari narxlar oshib boradi. Qizil zona uchun – 12 000, olovrang zona – 10 000, yashil zona – 8000, ko‘k zona – 6 000, binafsharang zonada – 5 000 ming so‘m tarif belgilangan.
Yo‘lbo‘yi avtoturargohlar tashkil etish huquqini auksionda Streetpark Systems yutib olgan.
Xo‘sh, bu yangilikka haydovchilarning munosabati qanday, belgilangan narx qanchalik ma’qul? Kun.uz muxbiri Amir Temur xiyoboni aylanmasida bu pulli xizmatdan foydalanayotgan haydovchilarga mikrofon tutdi.
Ayrimlar avtomobilini qo‘ygan joy pulli ekanidan bexabarligini aytdi. Aksariyat respondentlar esa pulli to‘xtash joyining 1 soati 12 ming etib belgilanganiga e’tiroz bildirdi.
“Soatiga 12 ming so‘m – bu Yevropa darajasidagi narx. Aholimizning oyliklariga bilan mos emas. Taxminan 5-7 ming so‘m bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi. Fransiyada yashaganman, u yerdagi shaharlarda allaqachon qonga singib ketgan odat. Agar siz shaharning qoq markazida bo‘lsangiz, soatiga kamida 2,7–3 yevro atrofida, so‘mga hisoblaydigan bo‘lsak, 45-50 ming bo‘ladi. Mahalliy kichik shahar yoki qishloqlarda pulli parkovkalar bo‘lsa, unda 1 yevro atrofida bo‘ladi”, – deydi suhbatdoshlardan biri.







