Rossiya kubogi. Superfinal
1 iyun, «Lujniki»
«Rostov» — «TsSKA» 0:0
Penaltilar seriyasi — 3:4.
«Rostov» — Yatimov, Ronaldo, Melexin, Sako, Osipenko, Vaxaniya (Langovich, 88), Shetinin (Bayramyan, 88), Shantaliy, Kuchayev (Komarov, 73), Komlichenko, Golenkov (Sutormin, 79).
TsSKA — Akinfeyev, Gayich, Diveyev, Villian Rosha, Moyses, Oblyakov, Kislyak, Bistrovich (Fayzullayev, 73), Pyanich, Koyta (Musayev, 67), Guarirapa (Glebov, 87).
Ogohlantirishlar: Melexin (45+5), Sako (58), Shetinin (82).
Moskvadagi «Lujniki» stadionida bo‘lib o‘tgan Rossiya Kubogi–2024/25 superfinalida TsSKA jamoasi «Rostov» ustidan g‘alaba qozonib, kubokni o‘ziniki qildi.
Birinchi bo‘limda armiyachilar futbolchisi Ivan Oblyakov uzoq masofadan darvozani ishg‘ol etgandi, biroq gol ofsayd tufayli inobatga olinmadi.
O‘yinning qolgan qismida ham 0:0 hisobi o‘zgarmay qoldi. Natijada jamoalar barcha masalaga penaltilar seriyasida oydinlik kiritadigan bo‘ldi.
Futbol lotereyasida esa tajribali Igor Akinfeyevning seyvi Moskva klubiga g‘alaba taqdim etdi.
Shu tariqa, TsSKA o‘z tarixida 9-bor mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa bu borada Moskvaning yana bir klubi — «Lokomotiv» bilan tenglashdi.
Chempionlar safida o‘zbekistonlik yarimhimoyachi Abbos Fayzullayev 73-daqiqada zaxiradan tushirildi.

Penaltilar seriyasida ungacha navbat yetib kelmadi.


Rossiyadagi faoliyati davomida ilk sovrinini qo‘lga kiritgan Abbos Fayzullev o‘yindan keyin «Match TV» muxbiri savoliga o‘zbek tilida javob qaytardi.
«O‘zbekcha gapirmoqchiman. Qo‘llab-quvvatlagan barchaga katta rahmat. Butun O‘zbekiston xalqini g‘alaba bilan tabriklayman. Xudo xohlasa, 5 iyun kuni yana bir g‘alabaga erishib, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritamiz», – degan 21 yoshli yarimhimoyachi.

















