O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova Qatarda amaliy tashrif bilan bo‘lib, ushbu mamlakat hukumati va jamoatchilik institutlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
TIV ma’lumotiga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi, Qatar taraqqiyot jamg‘armasi, Qatar xayriya tashkiloti, Vaqf ishlari bo‘yicha bosh boshqarmasi, Doha fan va texnologiyalar universiteti rahbariyati bilan muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va yoshlar malakasini oshirish sohalarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhimligini e’tirof etib, kelgusida mazkur sohalarda tajriba almashish va hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.















