Jahon | 09:11 / 05.06.2025
22164
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqladi

Donald Tramp 12 davlat fuqarolari uchun AQShga kirish to‘liq va yana yetti davlat, jumladan Turkmaniston uchun qisman taqiqlanganini e’lon qildi. Respublikachi bunday taqiqni o‘zining birinchi muddatida kiritgan edi, ammo hozirda KXDR va Suriya ro‘yxatda yo‘q.

Foto: epa/vostock-photo

AQSh prezidenti Donald Tramp 12 davlat fuqarolarining AQShga kirishini to‘liq taqiqlash haqidagi farmonni imzoladi. Respublikachi bu qarorini 4 iyun, chorshanba kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Batafsil press-reliz Oq uy saytida chop etildi.

Umumiy taqiq 12 davlat fuqarolariga taalluqlidir: Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Haiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan va Yaman. Qo‘shma Shtatlarda qonuniy doimiy rezidentlar va amaldagi vizalar egalari uchun istisnolar mavjud. Davlatlar ro‘yxati AQSh Davlat departamenti yanvar oyidan beri o‘tkazgan tahliliga asoslanadi.

Qisman taqiq Burundi, Kuba, Laos, Serra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela fuqarolariga tegishli. Ularga mehmonga borish va talabalik vizalari berilmaydi. Biroq, ishlash yoki amerikalik qarindoshlar bilan uchrashish uchun vizalar o‘z kuchida qoladi.

Donald Trampning so‘zlariga ko‘ra, Kolorado shtatining Boulder shahrida yahudiy faollariga qarshi uyushtirilgan antisemit hujum bunday chora-tadbirlarga sabab bo‘lgan. AQShda rafiqasi va bolalari bilan noqonuniy yashayotgan 45 yoshli Misr fuqarosi «Falastinga ozodlik!» deb hayqirar ekan, olomon ustiga molotov kokteyli uloqtirdi. 15 kishi, jumladan, Xolokostdan omon qolgan pensioner yaralandi, deya xabar bermoqda Associated Press.

Mavzuga oid

E`lonlar