Futbol böyiça Angliya terma jamoasining sobiq futbolçisi Devid Bekhem keyingi hafta ritsarlik unvoni bilan mukofotlanadi, deb xabar berdi BBC Sport.
Bekhemning ismi Buyuk Britaniya qiroli Çarlz III ning rasmiy tuğilgan kuni munosabati bilan iyun oyi örtalarida e’lon qilinadigan mukofotlanadiganlar röyxatiga kiritiladi (odatda u haqiqiy tuğilgan kun sanasiga mos kelmaydi).
Şunday qilib, Bekhem ser unvonini, uning rafiqasi, Spice Girls guruhining sobiq a’zosi Viktoriya esa ledi unvonini qabul qiladi.
The Guardian’ning yozişiça, Devid va Viktoriya Bekhem bir neça bor tadbirlarda qirollik oilasi a’zolari bilan birga köriniş bergan. Oxirgi marta bu may oyida, Çelsidagi gullar körgazmasida sodir bölgan. Fevralda Bekhem Çarlz III ning Haygrouvdagi qarorgohida Angliya—Italiya munosabatlarini rivojlantirişga bağişlangan keçki ovqatga taklif qilingan edi.
Devid Bekhem «Mançester Yunayted», «Real», «Milan», PSJ, «Los-Anjyeles Gelaksi» jamoalarida töp surgan. «Yunayted» tarkibida u olti marotaba Angliya Premer-ligasini, 1999 yilda esa Çempionlar ligasini yutgan. Angliya terma jamoasi tarkibida 115 ta öyin ötkazgan va 17 ta gol urgan. Ayni vaqtda Bekhem Lionel Messi öynayotgan Amerikaning «Inter Mayami» futbol klubi egalaridan biri hisoblanadi.












