Futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatiga Osiyo uchun 6+2,5 ta yo‘llanma berilgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri 6 ta yo‘llanmadan 5 tasining egalari ma’lum – Yaponiya va Eron ortidan O‘zbekiston, Iordaniya va Janubiy Koreya ham okeanortida o‘tkaziladigan mundial chiptalarini qo‘lga kiritdi. Oltinchi yo‘llanma taqdiri so‘nggi turda Saudiya Arabistoni va Avstraliya o‘rtasidagi uchrashuvda hal bo‘ladi.
Guruhlarda 3 va 4-o‘rinlarda qolib ketayotgan jamoalar esa qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanishi mumkin.
Uchta guruhdan chiqadigan 6 jamoa avvaliga ikki guruhga bo‘linib, ikkita yo‘llanma uchun kurash olib boradi. Guruh g‘oliblari yo‘llanmaga ega chiqadi, uchinchi o‘rinda qolgan jamoalar mundialdan butkul umid uzadi, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar esa o‘zaro o‘ynaydi, g‘olib qit’alararo pley offda yana bir yo‘llanma uchun kurashadi.
A guruhi
Guruh favoritlari Eron va O‘zbekistonga qarshi o‘yinlarda munosib qarshilik ko‘rsatgan Qirg‘iziston so‘nggi tur arafasida mundial yo‘llanmasi uchun kurashdan chiqdi. Qo‘shnilarning to‘rtinchi o‘rin uchun kurashdagi raqibi bo‘lgan Qatar o‘z uyida muddatidan oldin yo‘llanmani hal qilgan va amalda motivatsiyaga ega bo‘lmagan Eronni mag‘lub etdi. Qirg‘izlarning o‘zi esa safarda KXDR bilan durang o‘ynab qaytdi. Natijada Qatar va Qirg‘iziston o‘rtasida so‘nggi tur arafasida olti ochkolik farq yuzaga keldi.
Bu guruhda Eron va O‘zbekiston muddatidan oldin yo‘llanmaga ega bo‘ldi, BAA va Qatar esa pley-offda qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanishga urinib ko‘radi.
Guruhda so‘nggi turdagi intrigalar faqat qaysi jamoalar qaysi o‘rinni egallashi bilan bog‘liq – agar Eron o‘z uyida shimoliy koreyaliklarni yenga olmasa, O‘zbekiston Qatarni yirikroq hisobda yengish orqali birinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin.

10 iyun. O‘zbekiston — Qatar, Qirg‘iziston — BAA, Eron — KXDR.
B guruhi
Bu guruhda ham so‘nggi tur oldidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma egalari aniq bo‘lib ulgurdi — bu turda Janubiy Koreya Iroqqa, Iordaniya O‘monga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va mundial yo‘llanmasini muddatidan oldin hal qilishdi. Iordaniya uchun ham bu tarixdagi ilk ishtirok bo‘ladi.
Lekin A guruhdan farqli o‘laroq, bu guruhda 3 va 4-o‘rin egalari aniq bo‘lmagan. Ayni vaqtda beshinchi o‘rinda qolayotgan Falastinda ham bu o‘rinlardan biriga chiqib olish imkoniyati mavjud.









