RF qurolli kuchlari qatorasiga ikkinchi kecha Ukraina regionlariga raketalar va dronlar bilan hujum uyushtirdi. RF qurolli kuchlarining 7 iyunga o‘tar kechasi yo‘llagan zarbalarining asosiy nishonlaridan biri Xarkiv bo‘lgan. Rossiya 48 ta dron, beshta aviabomba, to‘rtta reaktiv snaryad va uchta raketa qo‘llagan holda shahar bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llagan, deb xabar berdi oblast ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov. Xarkiv meri Igor Terexov bu shahar keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon uchragan eng kuchli hujum bo‘lganini ma’lum qilgan.

Dronlardan biri urilishi oqibatida Xarkivning Osnovyanskiy rayonidagi to‘qqiz qavatli uy jiddiy shikastlangan. Hujum tufayli yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi qavatlardagi 12 kvartirada yong‘in chiqqan, yong‘inning jami maydoni 600 metr kvadratni tashkil etgan. Xarobalar ostidan bir ayol chiqarib olingan.

Xarkivda Rossiya droni zarbasidan shikastlangan turar joy binosi, 2025 yil 7 iyun
Vitalii Hnidyi / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujum oqibatida Xarkivdagi korxonalardan birida yirik yong‘in sodir bo‘lgan, olov 10 metr kvadrat maydonni qamrab olgan. Oblast ma’muriyati xabar berishicha, korxonaga jami 40 dron, to‘rtta aviabomba va bitta raketa qo‘llagan holda hujum uyushtirilgan. To‘rtta sexga zarba kelib tushgan. Vayronalar ostida odamlar qolgan bo‘lishi mumkin, oblast prokuraturasiga ko‘ra, olti kishi ichkarida qamalib qolgan.

Sofiia Gatilova / Reuters / Scanpix / LETA

Oblast ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Xarkivga zarba natijasida jami bo‘lib ikkita ko‘p qavatli uy, ikkita xususiy uy, ikkita korxona, ikkita avtomobil, ma’muriy bino va bolalar musiqa maktabi zarar ko‘rgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkivda uch kishi halok bo‘lgan, 21 kishi, jumladan, bir chaqaloq va 14 yoshli qiz jarohatlangan. Xarkiv oblastining Kupyansk shahri o‘qqa tutilishi vaqtida tinch aholi vakili bo‘lgan 64 yoshli kishi yaralangan.

Xarkivdagi korxona Rossiya hujumidan keyin
Sergey Bobok / AFP / Scanpix / LETA