Millatlar ligasi, final
Portugaliya – Ispaniya 2:2
Gollar: Subimendi, 21 (0:1). Nunu Mendesh, 26 (1:1). Oyyarsabal, 45 (1:2). Krishtianu Ronaldu, 61 (2:2)
Penaltilar seriyasi 5:3
Ramush – (1:0). Merino – (1:1). Vitinya – (2:1). Baena – (2:2). Brunu Fernandesh – (3:2). Isko – (3:3). Nunu Mendesh – (4:3). Morata – (4:3)(darvozabon). Ruben Nevesh – (5:3)
Portugaliya: Koshta, Joau Nevesh (Semedu 46), Diash, Inasio (Veyga 74), Mendesh, Vitinya, Fernandesh, Bernardu Silva (Leau 74), Konseysau (Ruben Nevesh 46), Netu (Diogu Jota, 106), Ronaldu (Ramush, 88).
Ispaniya: Simon, Le Norman, Hausen, Kukurelya, Mingesa (Porro, 92), Subimendi, Ruis (Merino, 75), Pedri (Isko, 75), Uilyams (Baena, 92), Yamal (Pino, 106), Oyyarsabal (Morata, 111)
Ogohlantirishlar: Gonsalu Inasiu 19, Pedru Netu 82, Nunu Mendesh 100 – Ruis 33, Le Norman 90, Baena 100, Porro 110.

Portugaliya Luis de la Fuente boshchiligidagi kuchli Ispaniyani to‘xtatdi. Ronaldu va uning jamoadoshlari – Millatlar ligasida g‘olib chiqdi. Finalda portugallar Yevropaning amaldagi chempionlarini penaltilar seriyasida mag‘lub etishdi.

O‘yin oldidan bu o‘yin 40 yoshli Ronaldu va 17 yoshli Yamal o‘rtasidagi duel bo‘lishi haqida ko‘p gapirishgandi va Krishtianuning o‘zi ilk daqiqalardan bu haqda eslatib qo‘ydi. Uchinchi daqiqada u ortga qaytdi va Lamindan to‘pni olib qo‘yib qarshi hujum boshlab berdi. Bu hujum burchak to‘pi ishlanishi va ilk golli vaziyat yuzaga keltirilishi bilan yakunlandi.

Yamal esa avvaliga maydonda sezilmadi. Ispanlar uning emas, Uilyams tushgan chap qanotda faolroq bo‘lishdi. Bu Roberto Martines asli tayanch yarimhimoyachisi bo‘lgan Joau Neveshni o‘ng qanot himoyachisi sifatida tushirishda davom etayotgani, «PSJ» futbolchisi o‘ziga begona bo‘lgan pozitsiyada xatoga yo‘l qo‘yishidan umid qilgani bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.

Umuman olganda, Ispaniya tashabbusni qo‘lga olganida shunday bo‘ldi ham. Yevropa chempionlari Uilyams ishtirokida ikkita xavfli hujum uyushtirishdi, ammo Niko va Pedrining zarbalaridan keyin to‘p darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi. Yamal ham bo‘lim o‘rtalarida yaxshi vaziyatga ega bo‘ldi. Bu holatda Ronaldu maydonning portugallar darvozasi joylashgan tomonida to‘p yo‘qotdi, hujum yakunida Lamin jarima zarbasi ishladi va uni o‘zi ijro etdi. Ammo Myunxendagi darvoza «Barsa» vingeri uchun kichiklik qildi.