Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 5 ta mahalla uchun 1 yil oldin qurilgan yangi maktab hamon foydalanishga topshirilmagan. Bu yer fondi toifasini o‘zgartirish va boshqa hujjatlarning to‘liq shakllantirilmagani bilan bog‘liq. Hudud aholisi hokimlikning yangi maktab hujjatlarini tayyorlashdagi sustkashligidan norozi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, tuman hokimligi bir necha marotaba hujjatlarni chala holda olib kelgan.

Zangiota tumanida yangi qurilgan maktab byurokratik sabablar bilan ishga tushmay turibdi. Kun.uz muxbiri aholidan tushgan murojaatga asosan holatni hududga borib o‘rgandi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning 2023 yildagi tegishli qarori bilan Zangiota tumanining Farobiy mahallasida maktab qurish uchun 1,5 ga yer ajratilgan. Hozirga qadar 1 ga maydonda maktab qurilib, devor bilan ajratib qo‘yilgan. Fuqarolarning aytishicha, Zangiota tumani hokimi yer maydonining qolgan qismiga sport kompleksi qurilishini aytgan. Aholi esa u yerda qo‘shimcha maktab binosi yoki boshqa ijtimoiy obekt bo‘lishi kerakligini bildirmoqda.

Ajratilgan maydon azaldan maktab qurish uchun mo‘ljallab kelingan. Shunga qaramay, 2022 yil bu yerda kottejlar qurila boshlangan. Ayrim uylarning tomi ham yopilgan. Aholining qarshiligi bilan maktab hududi saqlab qolingan va kottejlar buzib tashlangan. Hozir yangi maktab qad rostlagan. Biroq uning hujjatlari bilan bog‘liq ishlarni joy-joyiga qo‘yishda hokimlik o‘z vazifasini bajarmayapti, demoqda aholi vakillari.

“Haqiqatan, maktab qurildi. Nimadir kamchiliklar bo‘lib, sentabrda ochilmadi. Oktyabr, noyabr deyishdi, unda ham bo‘lmadi. Mana, shu vaqtga yetib keldik. Lekin bu ketishda bu yil ham ochilishiga gumonimiz bor-da. Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Oxirgi marta Senatga bordik. Senatorlar kelishdi, hokim ham. Yana quyi palata qo‘mitasi raisi Bahrom aka keldi. Ular bilan gaplashib, hammasi kelishildi. Zangiota tumani hokimi Erkin Rustamov barchaning oldida “hammasini qilaman, mening bo‘ynimda bu maktab”, dedi. Lekin natija yo‘q. Shu vaqtgacha hali kadastr hujjati bo‘lmagan.

Bu yerda 4-5 ta mahallada 20 ming nafardan oshiq aholi yashaydi. 4 ming nafardan ortiq o‘quvchi, 2 500 nafar bog‘cha yoshidagi bola bor”, deydi Qirguzar mahallasi vakili Shuhrat Qosimov.

Farobiy mahallasi raisi Baxtiyor Yoqubovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish boshlanmasidan oldin o‘sha sug‘oriladigan yerning hujjatini tayyorlab chiqarishgan. “Maorifning gapi bo‘yicha, kadastri tayyor. Qonun bo‘yicha sug‘oriladigan yer bo‘lsa, egalik huquqi berilmaydi”, deydi u.