Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati.
1-tur. A guruhi
«Al Ahli» — «Inter Mayami» 0:0
Aniq ijro etilmagan penalti: Trezege 44
Ogohlantirishlar: Attiya 90+2 — Aviles 25, Redondo 31, Buskets 86, Suares 90+2.

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati start oldi. Ochilish o‘yinida turnirda MLSning amaldagi g‘olibi sifatida qatnashayotgan «Inter Mayami» va Afrika Chempionlar ligasi g‘olibi, Misrning «Al-Ahli» klublari uchrashdi.

Lekin mayamiliklar Messi, Suares va Buskets kabi yulduzlari bilan ham golsiz durang qayd etdi. Jamoa turnirni mag‘lubiyat bilan boshlashi ham mumkin edi, ammo birinchi bo‘lim oxirida «Al-Ahli»ning ko‘p yillik yetakchisi Trezege penaltidan foydalana olmadi, uning markazga yo‘llagan zarbasini darvozabon Ustari to‘sib qoldi.

Ikkinchi bo‘limda raqib futbolchilari toliqib qolganidan foydalanib «Inter Mayami» bosimni kuchaytirdi, 57-daqiqada Messi jamoasining o‘yindagi darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ilk zarbasi muallifi bo‘ldi. 65-daqiqada ham u jarimadan xavfli zarba yo‘lladi, to‘p darvoza ustuni yonidan o‘tib ketdi.

85-daqiqada Messi chap qanotdan qulay pozitsiyada turgan Fafaga to‘p oshirdi, hujumchi to‘pni gazonga cho‘pchitib zarba berdi, ammo misrliklar posboni al-Shenaviy to‘sin ostidan kirib ketayotgan to‘pga ulgurdi. Ushbu darvozabon 90+5-daqiqada ham qahramonlik ko‘rsatib, Messining aylantirib yo‘llagan zarbasini to‘qqizlikdan olib chiqdi. Messining sa’y-harakatlariga qaramay, o‘yin ikki darvozabonning qahramonliklari tufayli 0:0 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi turda «Al-Ahli» «Palmeyras» bilan o‘ynaydi, «Inter Mayami»ni «Portu»ga qarshi murakkab uchrashuv kutmoqda. Birinchi turning ikkinchi o‘yinida ham Braziliya va Portugaliya jamoalari o‘zaro durang o‘ynagan va guruhda birinchi turdan keyin barcha jamoalar bir xil ko‘rsatkich qayd etib turibdi.

KJCh. 1-tur. B guruhi
Pamadena.«Rouz Boul» stadioni
«PSJ» – «Atletiko» 4:0
Gollar: Ruis (19), Vitinya (45+1), Mayulu (87), Li Kan In (90+6, penalti)