A guruhi

«Inter Mayami» (AQSh) – «Portu» (Portugaliya) 2:1
Gollar: Segoviya (47), Lionel Messi (54) – Samu (pen, 8)
«Inter Mayami»: Oskar Ustari, Maksimiliano Falkon, Noa Allen, Yyen Frey (Fafa, 79), Marselo (Tomas Aviles, 63), Tadeo Allende (Alba, 79), Serxio Buskets, Benjamin Kremashi, Telasko Segoviya (Redondo, 55), Lionel Messi, Luis Suares.
«Portu»: Ramush, Fernandesh (Borges, 70), Pedro, Markano (Deniz, 87), Mariu, Varela (Gomes, 7), Veyga (Stefan, 59), Moura (Otavio, 87), Viyeyra, Mora, Samu.

«Inter Mayami» yana muammoga duch keldi va ikkinchi o‘yinda ham darvozasiga penalti belgilandi. «Al-Ahli»ga qarshi o‘yinda qutqargan 38 yoshli Ustari yana qahramonlik ko‘rsatishga yaqin edi, ammo u Samu Agexovaning zarbasi yo‘nalishini topgan bo‘lsa-da, to‘p uning qo‘liga tegib o‘tib ketdi. Tezkor goldan keyin «Portu» raqib oldinga o‘tishidan foydalanib, xavfli qarshi hujumlar uyushtirishda davom etdi.

Ayniqsa portugaliyalik 18 yoshli Rodrigu Mora maydonda yaqqol ajralib turdi. U tovoni bilan paslar berdi, chiroyli driblinglar ishlatdi, Varelani qulay vaziyatga chiqardi (to‘p ustunga bordi), o‘zi ham xavfli zarba yo‘lladi (to‘pni darvoza chizig‘i ustida Falkon to‘xtatib qoldi). U o‘yinni personal benefisiga aylantirib, Messini soyada qoldira boshladi. Lekin Leo javob goli urilishi uchun qattiq ter to‘kdi: maydon markazida to‘pni egallab olib, jarima maydoni ichidagi Suaresga ajoyib uzatma berdi, ammo hujumchi «Portu» darvozaboni Klaudiu Ramush bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi.

Ikkinchi bo‘limni esa Xaviyer Maskerano jamoasi ideal boshladi. Hujum Busketsning maydon markazidan qanotga to‘p uzatishi bilan boshlandi, hujumga qo‘shilgan Veygandt qanotdan jarima maydoni markazidagi Segoviyani topdi, venesuelalik havbek to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga yo‘naltirdi. «Inter» o‘yinni kuchaytirishda davom etdi, raqib futbolchilari esa bu daqiqalarni juda ishonchsiz o‘tkazdi. Messini faqat qo‘pollik bilan to‘xtatishdi. Bu esa jarima zarbalariga olib keldi. Leoning avvaliga 30 metrdan yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi, jarima maydoni chizig‘i yaqinidagi fol esa uning yuqori burchakka yo‘llagan aniq zarbasi bilan yakunlandi. Argentinalik futbolchining Florida jamoasidagi 50-goli oddiy gol bo‘lmasligi ham kerak edi.

«Portu» nokdaundan o‘ziga kela olmadi, zarbalar bo‘yicha 14:6 hisobidagi ustunlik portugallarga bitta ham ochko keltira olmadi.

Shu bilan birga, okean orti vakillari hisobdagi ustunlikni saqlab qolish uchun so‘nggi daqiqalarda matonat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, jarohatdan endi qaytgan Jordi Albani maydonga tashlash orqali. Uning tajribasi va Messi bilan o‘zaro tushunishi — guruh bosqichi finishida jamoaga asqatishi tayin. Ikki o‘yinda to‘rt ochko jamg‘argan «Inter Mayami»ni endi 24 iyun kuni so‘nggi turda guruh peshqadami «Palmeyras»ga qarshi o‘yinda durang ham qoniqtiradi. Bu holda «Portu»ning «Al-Ahli» bilan o‘yini quruq rasmiyatchilikka aylanadi.