NATO davlatlari keyingi o‘n yil ichida mudofaa xarajatlarini hozirgi 2 foiz YaIM darajasidan 5 foizgacha oshirishga kelishib oldi. Kun.uz suhbatlashgan siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasul buni mudofaa emas, urush budjeti deb atadi. Tahlilchilar nazarida, bir muddat Yevropadan yuz o‘girgan Trampning Haaga sammitidagi chiqishi uning atlantizm g‘oyasiga qaytganidan darak beradi.

Kamoliddin Rabbimov: Agar NATO a’zolari YaIMning 5 foizini harbiy xarajatlarga ajrata boshlasa, bu oddiy mudofaa emas, balki urushga tayyorgarlik ko‘rilayotganini anglatadi. Masalan, 2024 yilda Germaniya yalpi ichki mahsulotining 5 foizi taxminan 235,5 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan. Bu – juda katta mablag‘.

Harbiy xarajatlarning ortishi boshqa sohalarda, jumladan, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida qisqarishlarga olib keladi. Chunki kolbasaning hajmi deyarli o‘zgarayotgani yo‘q, uni qanday bo‘lish masalasi qayta ko‘rilyapti. Harbiy soha ko‘proq oladigan bo‘lsa, boshqa sohalarga kamroq qoladi. Bu esa davlatlarning tabiati, siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishini o‘zgartiradi.

Fransiya, Germaniya yoki Skandinaviya mamlakatlarida ijtimoiy himoya tizimi kuchli, davlat siyosati esa ko‘proq sotsialistik yo‘nalishda bo‘lgan. AQShda esa bunday tizimlar ancha zaifroq edi. Endilikda Yevropa Ittifoqi ham ijtimoiy himoya dasturlarini qisqartirishga majbur bo‘ladi, chunki resurslarning katta qismi armiyani kengaytirishga yo‘naltiriladi. Masalan, 100 minglik armiya asta-sekin 200 ming yoki 300 minggacha ko‘payib boradi. 5 foizlik harbiy budjet esa faqat qurol-yarog‘ uchun emas, balki butun harbiy infratuzilma, jumladan, logistika, kadrlar va boshqaruv tizimlariga ham sarflanadi. Bu degani, NATO davlatlari hozir mudofaa strategiyasidan urush strategiyasiga o‘ta boshladi.

Shuhrat Rasul: NATO a’zolari 2035 yilga borib mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizi darajasiga ko‘tarishga kelishib oldi, bu 2 foiz standartidan sezilarli darajada yuqorilash degani.

Bu 5 foiz mablag‘ning 3,5 foizi asosiy qurolli kuchlar uchun, 1,5 foizi kiberhimoya, infratuzilma, yetkazib berish zanjiri va mudofaa sanoatini rivojlantirish uchun ajratilishi belgilandi. Bu me’yorlarga amal qilish holati 2029 yilda ko‘rib chiqilishi nazarda tutildi.

Sammit yakunlangach, Germaniya 60 ming nafar yangi professional harbiy xizmatchilarni safarbar qilish haqida qaror qabul qildi. Bu borada hozir biroz bahs-munozaralar bor. Germaniya Bundestagidagi ayrim deputatlar safarbarlik e’lon qilish, bu borada maxsus qonun qabul qilish kerak, degan fikrni ilgari surmoqda. Boshqalar esa yo‘q, bizda yetarlicha mablag‘ bor, 60 ming kishini professional armiya tarkibida yig‘ib olish mumkin, deyishmoqda. Aslida, G‘arbiy Yevropadagi barcha armiyalar professional hisoblanadi, lekin ular juda ixcham, son jihatdan kichik edi.