29 iyun kuni Isroilning ichki razvedka xizmati Shin Bet xavfsizlik markaziga tashrifi chog‘ida bosh vazir Binyamin Netanyahu Erondagi harbiy operatsiyalaridan so‘ng «ko‘plab imkoniyatlar ochilganini», jumladan G‘azoda asirlikda qolayotgan garovdagilarni uyga qaytarish imkoniyati ham yuzaga kelganini aytdi.
«Avvalambor, garovdagilarni qutqarish. Albatta, G‘azo masalasini hal qilish, Hamasni mag‘lub etish ham kerak, lekin men har ikkala vazifani ham bajaramiz deb hisoblayman», — deyiladi Netanyahu devoni tomonidan tarqatilgan bayonotda.
CNN nashrining yozishicha, Netanyahuning bu izohi – garovdagilarni ozod qilishni Hamasni tor-mor etishdan ustun qo‘yganini ochiq aytgan ilk holatlardan biri hisoblanadi.
Bir necha oylar davomida Netanyahu G‘azodagi Hamasni mag‘lub etishni asosiy maqsad sifatida ko‘rsatib kelgan va «to‘liq g‘alaba» haqida gapirgan edi. May oyi boshida u Hamasni tor-mor etishni «eng oliy vazifa» deb atagan, garovdagilarni ozod qilish esa bu yo‘lda ikkinchi darajadagi masala bo‘lgan.

Netanyahuning yakshanba kuni bergan izohlarida Isroilning urushdagi maqsadlari haqida sezilarli o‘zgarish mavjud. U garovdagi shaxslar oilalari, muxolifatdagi siyosatchilar va Isroil jamoatchiligining katta qismi tomonidan garovdagilarni asosiy ustuvorlikka aylantirmaganlikda tanqid qilinib kelmoqda.
Netanyahuning bayonotiga javoban «Garovdagilar va yo‘qolganlar oilalari shtabi» barcha 50 nafar garovdagi shaxsni qaytarish va G‘azodagi urushni tugatishga doir yagona, keng ko‘lamli kelishuv zarurligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Netanyahu nutqining boshqa qismida «mintaqaviy miqyosdagi kengroq imkoniyatlar ham ochilmoqda», deb aytdi. OAVlarga ko‘ra, bu Isroilning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirishga doir harakatlariga ishora bo‘lishi mumkin. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlar bilan bog‘liq muhim e’lonlar berilishi kutilayotganini aytgan edi














